O‘zbekiston | 16:30
2253
2 daqiqa o‘qiladi

Payariq tumanidagi 11 ta metan-shoxobcha o‘zaro kelishib narx oshirgani aniqlandi

Tumandagi 12 ta metan-shoxobchadan 11 tasi bir vaqtda metan narxini 300 so‘mga oshirib olgan. Raqobat qo‘mitasi buni til biriktirish deb baholab, ularni jarimaga tortdi.

Illyustrativ surat: "Hududgazta’minot"

Raqobat qo‘mitasi Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan 11 ta metan-shoxobchani raqobatga zid kelishuvda ayblab, jarimaga tortdi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, tumanda yashovchi fuqarolardan tumandagi avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchalarida narx asossiz ravishda oshirilgani, qo‘shni tumanlardagi narxlarga nisbatan qimmatligi yuzasidan shikoyat kelib tushgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Payariq tumanida faoliyat yuritayotgan 12 ta ASGshdan 11 tasida joriy yilning 5 yanvar sanasidan boshlab iste’molchilarga 1 m³ metan o‘rtacha 300 so‘mga, bir vaqtda oshirilib sotilayotgani aniqlandi.

Ushbu sub’yektlar quyidagi 8 ta MChJ tasarrufida: “Temur-Bek”, “Sadaf Agro Servis”, “Raqobat Eko Gaz Servis” , “Jaxongir Prestij” , “Xudoyberdi Ramziddin Avtogaz”, “Amirxon Gaz Servis”, “Al-Asadbek Gaz Petrol Invest” va “Baxrin Gaz Oil”.

Mazkur davrda qo‘shni tumanlarda metan o‘rtacha narxlar asosida sotilayotgani holda, yuqoridagi sub’yektlarda narx oshgani o‘z tasdig‘ini topgan.

Holat yuzasidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasi talablari, ya’ni raqobatga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlar sodir etilgani yuzasidan javobgarlarga moliyaviy jarima qo‘llandi.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi, deyiladi xabarda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid