Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Energiya iste’moliga cheklovning taqiqlanishi va matbuot erkinligi bo‘yicha «juda jiddiy» vaziyat – mahalliy dayjest
Energiyani tejash maqsadida gaz va svet iste’moliga cheklov kiritish taqiqlandi. Matbuot erkinligi indeksida O‘zbekistondagi vaziyat “juda jiddiy” ekani ma’lum bo‘ldi. Mashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi. Avtomobilni jarima maydonidan onlayn tartibda olib chiqish imkoniyati joriy etildi.
Energiyani tejash maqsadida gaz va svet iste’moliga cheklov kiritish taqiqlandi
O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarni tarmoqdan ajratish va cheklov kiritish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu prezident farmonida belgilandi.
Farmon bilan, energiya samaradorligi va tejamkorligini oshirish bo‘yicha yangi choralar tasdiqlandi. Xususan, “Energiya samaradorligi – farovon hayot garovi” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilmoqda.
2026 yil 1 iyuldan vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning yangi quriladigan, rekonstruksiya (modernizatsiya) qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan bino va inshootlarida energiya samaradorligining “S” va undan yuqori toifasiga ega bo‘lish talabi kiritiladi.
Matbuot erkinligi indeksi: O‘zbekistondagi vaziyat “juda jiddiy”ligicha qolmoqda
Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nodavlat tashkiloti 2026 yil uchun Matbuot erkinligi indeksini e’lon qildi.
Unda O‘zbekiston 180 ta mamlakat orasida 147-o‘rinda qayd etilgan va matbuot erkinligi bo‘yicha vaziyat “juda jiddiy” davlatlar qatorida qolmoqda. Reytingdagi o‘rin qanchalik past bo‘lsa, vaziyat shunchalik yomon ekanini anglatadi.
O‘zbekistonning indeksdagi o‘rni o‘tgan yilgidan 1 pog‘onaga ko‘tarilgan, ammo reyting ballarida pasayish bor.
Xalqaro kuzatuvchilar 2025 yilda O‘zbekistondagi matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni 100 balldan 35,24 ballga baholagan bo‘lsa, joriy yilda 34,95 ball berilgan.
Mashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
Oson shartlarda mashina olib berishni va’da qilib, odamlarni chuv tushirgan “Umid avto”chilar jinoiy jazoga tortildi. 14 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Yunusobod tuman sudida ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Ular Toshkent shahri va respublikaning turli nuqtalarida “Umid avto companies”, “Umid Savdo Fayz Invest”, “Umid Avto Lizing”, “Umid Auto” kabi 20 dan ortiq MChJ tashkil etib, fuqarolarning mablag‘larini o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib kelgani aytilgandi.
Sudlanuvchilarga 987 ta epizod bo‘yicha ayb e’lon qilinib, jami 88,5 mlrd so‘m zarar hisoblangan. Sudda ular 130 ta epizod bo‘yicha aybsiz deb topilib, oqlandi. Ayrim jabrlanuvchilar esa da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Shu tariqa sudlanuvchilardan 834 ta epizod bo‘yicha jabrlanuvchilarga 60 mlrd so‘mdan ko‘proq zarar undirish belgilandi. Bunda har bir sudlanuvchi o‘zi aybli deb topilgan epizodlar bo‘yicha zararni qoplashi nazarda tutilgan.
Avtomobilni onlayn tartibda jarima maydonidan olib chiqish imkoniyati joriy etildi
Hukumat qarori bilan avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish yuzasidan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Davlat xizmati YaIDXP (my.gov.uz), Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi yoki Davlat xizmatlari markazi orqali ko‘rsatiladi.
Murojaat qiluvchi YaIDXP (my.gov.uz) yoki mobil ilova orqali murojaat qilganda, so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldiradi. So‘rovnomaga kiritilgan murojaat qiluvchi ma’lumotlarining haqqoniyligi avtomatlashtirilgan tizim orqali tekshiriladi.
Murojaatni ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra, YaIDXP yoki mobil ilova orqali 1 ish kuni ichida avtomototransportni jarima maydonchasidan olib chiqish mumkinligi haqida xabarnoma yuboriladi.
Mavzuga oid
20:42 / 29.04.2026
Haj mavsumining boshlanish sanasi va haker tomonidan sotuvga qo‘yilgan ma’lumotlar – mahalliy dayjest
19:50 / 28.04.2026
Marg‘ilonda yangi turizm majmuasi va 7 millionga yaqinlashgan o‘rtacha ish haqi – mahalliy dayjest
18:35 / 27.04.2026
Qo‘qondan Marg‘ilonga yangi poyezd va Angrenda yuk mashinasi ishtirokidagi fojia - mahalliy dayjest
19:08 / 24.04.2026