Köpçilik sezmay ham qolgandir, 29 aprel kuni AQŞ prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildi. Tramp Oq uyga qaytgan vaqtlar bu ikki lider örtasidagi muloqotlar juda katta şov-şuv bilan yoritilar, undan köp narsa kutişardi. Lekin hozir ularning suhbati şunçalik oddiy holga aylanib qoldiki, «Atletiko» va «Arsenal» örtasidagi öyinda intriga yuqoriroq böldi.
Bu suhbatdagi bemalollik, u deyarli heç kimni qiziqtirmagani aslida juda dahşatli bir haqiqatni körsatadi – dunyo bir mustaqil davlat hududida bölayotgan adolatsiz uruşga örganib qoldi, endi uni töxtatişga harakat qilmay qöyişdi.
Bayram uçun sulh
Xullas, keçagi suhbatda Rossiya prezidenti Putin amerikalik hamkasbiga 9 may kuni vaqtinça sulh e’lon qiliş taklifini bildiribdi. Qiziği, Rossiya Amerika bilan emas, Ukraina bilan uruşmoqda, lekin Putin sulhni Ukrainani undan kam yomon körmaydigan Trampga taklif qildi. Vaholanki, Trampga qolsa, Ukrainani tölaligiça Rossiyaga berib, hammasini tinçitib yuborgan bölardi. Tramp telefon suhbati haqida jurnalistlarga aytib berarkan sulh taklifi undan çiqqanini aytdi, şu yerda ham mujmallik.
Putin 9 may kuniga sulh söragani sababi tuşunarli – Rossiyada 9 may ilohiy kun, ayniqsa Putinning Rossiyasida. Öşa kuni Moskvada parad böladi, ikkinçi jahon uruşidagi ğalabani bayram qilişadi. Va Putin öşa kunni muammosiz ötkazib olişni istaydi. Albatta, 2005 yildagi paradda bölgani kabi AQŞ prezidenti Moskvaga bormasligi aniq, lekin baribir xorijlik mehmonlar böladi.
Putinning ohangiga e’tibor bering, uruş boşlangan yili Rossiyaning vajohati şunçalik qörqinçli ediki, Kiyevni «uç kunda olişolmagaç», 9 maydagi ğalaba kuniga Ukrainani olişarkan degan gap tarqaldi. Hamma öşa kunni kutdi, lekin paradgaça heç nima bölmadi, qaytaga Ukraina bayram arafasida ruslarni Kiyev yaqinidan siqib çiqardi. Paradga heç bir xorijiy davlat rahbari bormadi.
Keyingi yillarda ham 9 may yaqinlaşgan sayin Rossiyada tahdid ohangi kuçayib bordi: «ana olişadi, mana olişadi, uç oy qoldi, uç kun qoldi, 9 mayda Ukraina qulaydi!» Lekin ötgan 5 yil davomidagi heç bir paradda ğalaba e’lon qilinmadi. Bu yil ham e’lon qilgulik heç narsa yöq. Pokrovsk degan tuman markazini ham olişgani noma’lum. Lekin oldingi yilgi ritorikalarda heç bölmasa dahşat, qörquv, tahdid bor edi, hozir öşa ham yöq. Oldingi yillar aqalli «Oreşnik» degan raketa bilan qörqitişayotgandi, lekin bu raketa ham qörqinçli emasligi bilinib qoldi, uni bir neça marta Ukrainaga otişdi, lekin Kiyev hamon öz joyida turibdi.
Bu yil faqat Tramp orqali «Ukraina mağlub bölganini» ayttirib olişdi. Ha, AQŞ prezidenti rossiyalik hamkasbi bilan gaplaşganidan keyin «Ukraina jang maydonida allaqaçon harbiy mağlubiyatga uçragani» haqida aytdi. Tramp özi şunaqa, kim bilan gaplaşsa, uning ta’siriga tuşib, öşaning tomoniga oğişib gapiradi. Zelenskiy bilan gaplaşsa, «Ukraina zör çidayapti, ular mard», deydi, Putin bilan gaplaşsa, «Ukraina allaqaçon yengilgan», deydi.
Keçagi suhbat ohangi şunaqa bemalol ediki, ikki tomon ham xuddi nomiga, AQŞ va Rossiya prezidenti bölgani uçungina telefonda gaplaşib qöygandek. Hatto suhbatning asosiy qismi Erondagi uruş, Eron yadro dasturi haqida borgan, faqat biroz Ukrainadagi uruş haqida gaplaşişgan. Bir vaqtlar Amerika va Rossiya prezidentlari telefonda gaplaşsa, buni katta voqelik deb qarşi olişardi, hozir esa bu xuddi Mozambik va Seyşel orollari rahbariyatining özaro suhbatidan farq qilmay qoldi.
Ikki katta davlat liderlarining bunaqa bemalol suhbati bir dahşatni oşkor qildi: butun dunyo, undagi eng ta’sir doirasi katta davlat ham Yevropadagi juda katta bir mustaqil davlatda uruş bölayotganiga könikib qolibdi. Ular uçun Ukrainadagi uruş haqida fikr bildiriş xuddi iqlim özgarişlari haqida gapirişdek navbatçi mavzuga aylanib qoldi.
Uruş-ku juda yomon narsa, lekin unga örganib qoliş, uruşni, har kuni yuzlab yoş yigitlar, yuzlab yoş bolalarning otalari halok bölişini oddiy hol deb qabul qiliş undan ham dahşatli. Uruş deganda eng avvalo beva ayollar, sağir qolgan bolalar jangdan ölib kelgan askarning sovuq jasadi ustida yiğlab turganini tuşuniş kerak. Uruşdagi bir daydi öq butun boşli oilaning hayot tarzini özgartirib yuboradi.
Otasiz uyda bolalar tarbiyasi nima böladi, beva ayol yoş bolasi bilan qanday kun köradi? Mana şu maş’um savolning dahşatli javobi – uruş. Siyosatçilar «Muvozanat» deydi, «NATO bizga xavf tuğdiryapti» deydi, «Biz vatan uçun uruşyapmiz, uluğvatan uruşi, «svyaşennaya voyna-a-a», 9 may, pobeda» deb hayqirişadi. Lekin jangda ölgan erkakning sovuq jasadi ularning uyiga emas, boyagi yoş bolasi bilan qolgan beva ayolning uyiga boradi.
Dunyo aslo uruşga könikib qolmasligi, uni tugatiş uçun harakat qilişi kerak. Heç qanday da’vo bolalar otasiz ulğayişi, oilalar parokanda bölişiga arzimaydi.












