Yig‘ilishda qayd qilinishicha, oxirgi 3 yilda poytaxt va viloyat markazlariga 2 ming 650 ta zamonaviy elektrobus va avtobuslar olib kelindi. Brutto-shartnoma asosida 279 ta muntazam yo‘nalish yo‘lga qo‘yildi. Natijada har kuni yo‘nalishga chiqayotgan avtobuslar soni 3 ming 150 taga yetdi. Kunlik qatnovlar soni 2022 yildagi 18 mingtadan 45,2 mingtaga, yo‘lovchilar oqimi esa 900 ming nafardan 2,3 million nafarga oshdi. Shu orqali 4,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Taqdimotda jamoat transportini yanada rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar ko‘rib chiqildi. Urbanizatsiya jarayonlari tezlashayotgani, poytaxt va viloyat markazlariga tutash hududlarda aholi harakati keskin ko‘paygani sababli shaharlarga kirishda qatnovlar 30 foizga oshgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan shahar jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazish taklif qilindi. Bunda shaharlar atrofidagi 12 kilometrgacha bo‘lgan hududlarga qatnaydigan avtobus yo‘nalishlari ham brutto-shartnoma tizimi bilan qamrab olinadi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Nazarbek, Mineral suvlar va Uch Qahramon hududlarini poytaxt bilan bog‘lash orqali avtomobillar oqimini kamida 20 foizga kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Umuman, poytaxtda 19 ta, viloyat markazlarida 79 ta shunday yo‘nalish tashkil etish rejalashtirilgan.
Poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yo‘l qatnovlarini o‘zaro bog‘lash maqsadida “elektropoyezd – avtobus”, “elektropoyezd – metro” kabi qulay tariflarni joriy etish taklif qilindi.
Qolaversa, viloyat markazlarida jamoat transporti harakat tarkibini yangilash zarurligi ta’kidlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, hududlarda yana 1,5 mingta katta va o‘rta sig‘imli avtobuslarga ehtiyoj bor. Shu bois, zamonaviy avtobuslar olib kelishni rag‘batlantirish, tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish, kredit liniyalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Jumladan, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida avtobuslarni import qilishda utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish muddatini yana 2 yilga uzaytirish taklif qilindi.
Taqdimotda avtobus haydovchilari uchun munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda ayrim haydovchilar me’yordan ortiq ishlayotgani xizmat sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. O‘tgan yili poytaxtning o‘zida haydovchilarning xatti-harakatlari va muomalasi yuzasidan aholidan 1 ming 670 ta shikoyat kelib tushgan. Avtobuslar ishtirokida 109 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.











