O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

Qizil maydonda G‘alaba paradi bo‘lib o‘tdi. Unda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Laos prezidenti Txonglun Sisulit, Malayziya podshohi Sulton Ibrohim va boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari ham qatnashdi.

Parad yakunlanganidan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin va boshqa yetakchilar bilan birga Moskvadagi Aleksandr bog‘ida joylashgan Noma’lum askar qabriga gul qo‘ydi.

Marosim bir daqiqalik sukut, faxriy qorovul va harbiy orkestrning tantanali yurishi bilan yakunlandi.

Rasmiy tadbirlar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston yetakchisi Toshkentga jo‘nab ketdi. “Vnukovo” xalqaro ayeroportida oliy martabali mehmonni Rossiya rasmiylari kuzatib qo‘ydi.

Fashizm ustidan g‘alabaga O‘zbekistonning hissasi

Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga janggohlarda va front ortida chinakam qahramonlik ko‘rsatgan O‘zbekiston ko‘p millatli xalqining ham munosib hissasi bor.

Urush arafasida respublikamiz aholisi 6 million nafardan ziyod edi. Sinovli yillarda qariyb 2 million nafar o‘zbekistonlik frontga safarbar etildi. Qonli janglarda 538 mingdan ortiq yurtdoshimiz halok bo‘ldi, 158 mingdan ziyodi bedarak yo‘qoldi.