Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda samolyot odam urib ketdi
Foto: Videodan kadr
Amerikaning Frontier Airlines aviakompaniyasi Airbus A321 rusumli samolyoti Kolorado shtatidagi Denver shahri xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagida bir odamni urib ketdi. Ushbu noma’lum shaxs voqea joyida halok bo‘lgan.
To‘qnashuv oqibatida dvigatellardan birida yong‘in chiqqan, shundan keyin samolyot to‘xtagan va yo‘lovchilarni havo to‘ldirilgan traplar orqali evakuatsiya qilish boshlangan.
«Biz hozirgina kimnidir urib yubordik. Dvigatelda yong‘in chiqdi», – deya xabar bergan uchuvchi aeroport dispetcheriga.
Yo‘lovchilardan biri tomonidan e’lon qilingan videoyozuvda samolyot salonida tutun chiqqani aks etgan: o‘t o‘chiruvchilar alanga o‘chog‘ini bartaraf etishgan, bortda bo‘lgan 224 yo‘lovchi va ekipajning yetti nafar a’zosidan hech kim jiddiy jarohat olmagan.
«Biz ro‘y bergan hodisadan chuqur qayg‘udamiz», – deya bayonot bergan aviakompaniya. Ma’lum bo‘lishicha, 12 kishida yengil jarohatlar qayd etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxat raqami N646FR bo‘lgan A321neo rusumli samolyot Los-Anjyeles xalqaro aeroportiga uchishi kerak edi.
17L raqamli yo‘lakdan parvoz mahalliy vaqt bilan soat 22:39 ga rejalashtirilgandi. Aviakompaniya xabariga ko‘ra, noma’lum shaxs soat 23:13 da, hodisa ro‘y berishidan ikki daqiqa oldin aeroport to‘sig‘idan oshib o‘tgan.
E’lon qilgan audioyozuvlarga ko‘ra, bundan oldin dispetcher Frontier uchuvchisiga parvozga ruxsat bergan va xayrli tun tilagandi.
Qisqa tanaffusdan keyin havo kemasi komandiri yana boshqaruv minorasiga aloqaga chiqadi va samolyot odam bilan to‘qnashib ketganini xabar qiladi.
«Biz uchish yo‘lagida to‘xtaymiz. Bir kishi yo‘lakni kesib o‘tdi», – degan u.
«Kecha tunda qoidabuzar Denver xalqaro aeroporti hududiga kirib, ataylab to‘siqdan oshib o‘tgan va uchish-qo‘nish yo‘lagiga yugurib chiqqan», – deya ma’lum qildi AQSh transport vaziri Shon Daffi.
«Hech kim HeCh QAChON aeroport hududiga bostirib kirmasligi kerak», – deya qo‘shimcha qilgan u.
Daffi samolyot to‘qnashuv vaqtida katta tezlikda harakatlanganini qayd etgan. A320 oilasiga mansub laynerlar parvozga chiqayotganida soatiga 250 km tezlikda harakatlanadi.
Yo‘lovchilar evakuatsiyadan so‘ng terminalga qaytarilgan, ular aviakompaniyaning boshqa reysida manzillariga jo‘nab ketgan. Federal aviatsiya ma’muriyati va Milliy transport xavfsizligi kengashi surishtiruv ishlarini olib bormoqda.