Shanba kuni tongida Moskvadagi Qizil maydonda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad o‘tkazildi.
Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon ilk bor bu yilgi paradga harbiy texnikalar olib kelinmadi. «Qirqilgan format»ni Kremldagilar Ukraina tomonidan hujum xavfi, shuningdek, bu yilgisi yubiley parad emasligi bilan izohlashgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa shanba kuni kechqurun jurnalistlar bilan muloqotida bu safargi parad harbiylar o‘z kuchlarini «maxsus harbiy amaliyot»ga hamda «raqibni tor-mor etish»ga qaratishi kerakligi sababli ham shunday formatda o‘tkazilganini aytdi.
9 may kuni Moskvada mobil internet to‘liq o‘chirildi, shuningdek, blokirovka davrida ham «oq ro‘yxat» asosida ishlashi mumkin bo‘lgan resurslar faoliyati to‘xtatildi.
Sulh oldidan Rossiya agar Kiyev paradni «barbod qilish»ga urinadigan bo‘lsa, bunga javoban rossiyalik harbiylar Ukraina poytaxti bo‘ylab raketalar orqali yopirilma zarba berishidan ogohlantirdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa 8 may kungi chiqishlarida parad vaqtida Moskva bo‘ylab zarba berishi haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri gapirmagan bo‘lsa-da, Rossiya rahbariyati Qizil maydon ustidagi Ukraina dronlaridan «qo‘rqayotgani»ni aytgandi.
AQSh, Rossiya va Ukraina uch kunlik sulh haqida e’lon qilganidan so‘ng, Zelenskiy parad o‘tkazishga «ruxsat bergani»ni ma’lum qildi: u tomonidan imzolangan farmonda to‘g‘ridan to‘g‘ri shu haqda gap ketgan va parad vaqtida Qizil maydonga hujum qilmaslikka va’da berilgan, hududning koordinatalari aniq qilib ko‘rsatilgandi.
Putin paraddagi chiqishida tarix haqida ko‘p gapirdi va yana bir bor Rossiya Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozonishini aytdi, uni odatdagidek «maxsus harbiy amaliyot» deb atadi.

«G‘olib avlodning buyuk jasorati bugun maxsus harbiy amaliyotdagi vazifalarni bajarayotgan jangchilarni ilhomlantirmoqda. Ular butun NATO bloki tomonidan qurollantirilayotgan va qo‘llab-quvvatlanayotgan tajovuzkor kuchga qarshi turmoqda», – dedi u.
Putinning Qizil maydondagi nutqidan so‘ng, Rossiya harbiy texnikalari namoyish etildi – ammo faqat videoroliklar orqali.





















