Sport | 18:20
1834
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘smirlar futbol terma jamoasi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Buning uchun bitta o‘yinda g‘alaba qozonish kifoya bo‘ldi.

Foto: O‘FA

O‘zbekistonning 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoasi Osiyo Kubogi guruh bosqichini muvaffaqiyatli boshladi va birinchi o‘yindayoq jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

10 may kuni o‘tkazilgan bahsda bosh murabbiy Sergey Chigodayev shogirdlari Hindiston terma jamoasi darvozasiga javobsiz uchta to‘p kiritdi. Gollar Laziz Abduraimov (penaltidan) va Ahror Ravshanbekov hisobiga yozildi. Yana bir golni hindistonlik himoyachi o‘z darvozasiga yo‘lladi.

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ishtirok etayotgan D guruhida 3 ta ishtirokchi bor – Hindistondan tashqari Avstraliya ham. Avvalroq, Avstraliya o‘smirlari Hindistonni 4:0 hisobida mag‘lub etgan edi. Natijada O‘zbekiston o‘smirlari kamida ikkinchi o‘rinni egallashi oydinlashdi – bu esa jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim qiladi va Osiyo Kubogi chorakfinali ishtirokchisiga aylantiradi. Aslida guruh 4 ta ishtirokchidan iborat edi, ammo KXDR o‘smirlar terma jamoasi musobaqada ishtirok etishdan bosh tortdi.

U17 Osiyo Kubogi Saudiya Arabistonida o‘tkazilmoqda. Chigodayev shogirdlari guruhdagi so‘nggi o‘yinni 13 may kuni Avstraliyaga qarshi o‘tkazadi.

U17 Jahon chempionati shu yil noyabr – dekabr oylarida Qatarda bo‘lib o‘tadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid