Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IPO yakunlari: Milliy investitsiya jamg‘armasining 31 foizi 603,6 mln dollarga sotildi
O‘zbekiston hukumati Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi doirasida fondning 31 foiz ulushini sotish orqali 603,6 mln dollar jalb qildi. GDR'larning qo‘shimcha joylashtiruvi hisobiga IPO'da realizatsiya qilingan ulush 35 foizgacha, tushum esa 692 mln dollargacha yetishi mumkin. Jamg‘armaning bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarni tashkil etdi.
Sun’iy intellektda ishlangan surat
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi o‘z aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) natijalarini e’lon qildi.
Mahalliy va xalqaro fond bozorlarida bir vaqtda kechgan ommaviy taklif natijasida kompaniyaning 31 foiz aksiyalari 603,6 mln dollarga sotildi.
Xususan:
- Toshkent fond birjasida qariyb 47,9 million dona aksiya (sotuvga chiqarilgan jami aksiyalarning qariyb 3 foizi) 4,65 so‘mdan, 12 mlrd so‘mgacha qiymatda buyurtma bergan jismoniy shaxslarga esa 5 foizlik chegirma bilan 4,41 so‘mdan sotildi;
- London fond birjasida esa qariyb 1,5 trillion dona aksiya jami 23,4 millionta global depozitar tilxat (GDR) shaklida 25 dollardan realizatsiya qilindi.
Bundan tashqari, kelgusi 30 kun ichida London fond birjasida yana qariyb 3,5 million donagacha GDR qo‘shimcha joylashtirish opsioni (over-allotment option) doirasida sotilishi mumkin.
Qo‘shimcha opsion to‘liq realizatsiya qilingan taqdirda, birlamchi ommaviy taklif jamg‘armaning 35 foiz ulushi 692 mln dollarga sotilishi bilan yakunlanishi mumkin. Avvalroq aksiyalar sotuvidan tushgan barcha mablag‘lar davlat budjetiga tushishi ma’lum qilingandi.
Birlamchi joylashtirish narxi asosida, Milliy investitsiya jamg‘armasining bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarni tashkil etdi.
“Mazkur IPO O‘zbekiston kompaniyasining xalqaro bozordagi birinchi ommaviy taklifi bo‘lib, mamlakatda ham xorijiy, ham mahalliy investorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni ochadi, Milliy investitsiya jamg‘armasi portfelidagi kompaniyalari bilan birga O‘zbekistonning boshqa kompaniyalarida ham ommaviy kapital bozorlariga chiqishga rag‘bat uyg‘otadi”, – dedi Templeton Global Investmens'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan.
London fond birjasida bugun, 13 maydan e’tiboran shartli savdolar boshlanishi kutilmoqda. 18 maydan e’tiboran GDR'larning sharsiz savdosi, Toshkent fond birjasida esa aksiyalarning ikkilamchi savdosi boshlanadi.
Mavzuga oid
14:03 / 29.04.2026
Milliy investitsiya jamg‘armasi Toshkent va Londonda IPO boshladi
14:47 / 16.04.2026
UzNIF IPO arafasida BlackRock, Franklin Templeton va boshqalar bilan 300 mln dollarlik bitimlar tuzdi
18:37 / 09.04.2026
2,4 mlrd dollarlik aktivlarga ega Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO o‘tkazishini e’lon qildi
15:32 / 24.12.2025