«O‘zbekneftgaz» bosh geologining aytishicha, loyihaning asosiy maqsadi birinchi bosqichda yangi zaxiralarni aniqlash va istiqbolli konlarni ochish hisoblanadi. Asosiy e’tibor geologiya-qidiruv ishlariga qaratiladi va dastlabki bosqich besh yil davom etishi tahmin qilinyapti.

Toshkentda o‘tayotgan «O‘zbekiston neft va gazi – 2026» xalqaro energetika haftaligi doirasida «O‘zbekneftgaz», Ozarboyjonning SOCAR va Buyuk Britaniyaning nufuzli British Petroleum (BP) kompaniyasi o‘rtasida Ustyurt mintaqasidagi oltita istiqbolli blok bo‘yicha mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolandi.

Gap Qoraqalpog‘iston hududida joylashgan Boyterak, Terengquduq, Birqori, Haroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklari haqida ketmoqda. Kelishuvga ko‘ra, loyihadagi ulushlar BP – 40 foiz, SOCAR – 30 foiz va «O‘zbekneftgaz» – 30 foiz qilib taqsimlandi.

British Petroleum nima uchun muhim?

BP – dunyodagi eng yirik energetika kompaniyalaridan biri. Kompaniya faqat kapital emas, murakkab geologik hududlarda ishlash tajribasi, yuqori texnologiyali razvedka usullari va katta masshtabdagi qazib olish infratuzilmasini ham olib kiradi. Mas’ullarning ta’kidlashicha, uning O‘zbekistonga kirishi bir necha jihatdan ahamiyatli.

Birinchidan, bu O‘zbekiston energetika bozori xalqaro transmilliy kompaniyalar uchun yanada ochilayotganini anglatadi.

Ikkinchidan, so‘nggi yillarda mamlakatda gaz qazib chiqarish hajmi pasayib, ichki iste’mol o‘sib borayotgan bir sharoitda hukumat yangi zaxiralar izlashni strategik vazifaga aylantirdi. Qish mavsumlaridagi energetik muammolar, import hajmlarining ortishi va sanoat ehtiyojlari Toshkentni yangi sheriklar jalb qilishga majbur qilmoqda.

Uchinchidan, BP’ning kelishi O‘zbekistonning geosiyosiy ahamiyati oshib borayotganini ham ko‘rsatadi. Chunki Markaziy Osiyo bugun transport va energetik xavfsizlik nuqtai nazaridan ham yirik davlatlar diqqat markazida turibdi.

Ustyurt – hali to‘liq ochilmagan hudud

Mutaxassislar fikricha, Ustyurt platosi Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli neft-gaz hududlaridan biri hisoblanadi. Ammo bu yerda ishlash oson emas. Iqlim qattiq, infratuzilma cheklangan, geologik qidiruv esa katta mablag‘ va yuqori texnologiya talab qiladi. Shu sababli bu kabi hududlarga odatda moliyaviy va texnologik imkoniyati yuqori bo‘lgan kompaniyalar kirib keladi.