Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bunyodkor» – Rivaldo mojarosi. Vaziyat jiddiylashdi
Bir paytlar Luiz Felipe Skolarini dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi murabbiyiga aylantirgan Toshkentning «Bunyodkor» klubi og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qoldi. Klub Rivaldo oldidagi qarzdorlikning 2026 yil uchun ko‘zda tutilgan 1,5 mln yevrolik qismini belgilangan muddatda to‘lay olmadi. Braziliyalik futbolchining qonuniy vakillari klubdan qarzni birdaniga to‘liq to‘lash, qolgan umumiy qarz summasiga 10 foiz miqdorida jarima va har kechikkan oy uchun 1 foiz ustama talab qilyapti.
Foto: Bunyodkor FK
2023 yil 6 noyabr kuni Lozannadagi Sport arbitraj sudi «Bunyodkor»ga sobiq futbolchisi Rivaldo oldidagi qarzdorlikni to‘lash majburiyatini yuklagandi. Keyinchalik 2024 yil 30 mart kuni klub rasmiylari va futbolchi o‘rtasida qarz majburiyatlari miqdorini kamaytirish va bo‘lib-bo‘lib to‘lash muddatlari bo‘yicha kelishuvga erishiladi. O‘tgan ikki yil davomida to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilgan. Ammo moliyaviy muammo sababli joriy yil uchun hisob-kitob belgilangan muddat, 2026 yilning 15 apreliga qadar amalga oshirilmagan. Bu esa «Bunyodkor» uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkin.
Rivaldo oldidagi qarzdorlik qancha?
«Bunyodkor»ga Rivaldo uchun jami 11 mln 164 ming 398 yevro miqdorida pul to‘lash majburiyati yuklatiladi. Bunda to‘lovlar quyidagi ko‘rinishda amalga oshirilishi belgilandi:
- 2024 yil 1 maygacha – 2 008 800 yevro;
- 2025 yil 1 maygacha – 2 008 800 yevro
- 2026 yil 1 maygacha – 2 008 800 yevro
- 2027 yil 1 maygacha – 2 008 800 yevro
- 2028 yil 1 maygacha – 2 008 800 yevro.
Shuningdek, kelishuvdagi qarzdorlikning qolgan bir qismi quyidagi ko‘rinishda yopilishi kerak bo‘lgan:
- 2024 yil 1 maygacha – 232 200 yevro;
- 2025 yil 1 maygacha – 232 200 yevro
- 2026 yil 1 maygacha – 232 200 yevro
- 2027 yil 1 maygacha – 232 200 yevro
- 2028 yil 1 maygacha – 232 200 yevro.
O‘z navbatida, klub va futbolchi o‘zaro kelishuvga erishadi va umumiy qarzdorlik summasi 7 mln 500 ming yevroga kamaytiriladi. Bunda 2 mln 8,8 ming yevro o‘rniga 1 mln 350 ming (har yilning 15 apreligacha), 232,2 ming yevro o‘rniga 150 ming yevro (har yilning 10 apreligacha) to‘lov qilinishi belgilanadi.
Qarzdorlik vaqtida yopilmasa, nima bo‘ladi?
«Bunyodkor» klubi axborot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil uchun to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lashning imkoni bo‘lmagan.
«Joriy yil uchun Rivaldo Ferreira oldidagi qarzdorlik bo‘yicha to‘lovlar 2026 yil 15 aprelga qadar amalga oshirilishi lozim edi. Biroq unga joriy yil uchun belgilangan to‘lovlar futbol klubidagi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli hozirgi kunga qadar amalga oshirilmasdan kelinmoqda. Joriy yilning 6 may kuni mazkur futbolchining qonuniy vakillari tomonidan «Bunyodkor» futbol klubiga rasmiy ogohlantirish xati yuborildi. Unga ko‘ra, 48 soat ichida belgilangan qarzdorlikni bartaraf etish so‘ralgan bo‘lib, agar qarzdorlik ushbu muddatda bartaraf etilmasa, o‘zaro kelishuvlarda belgilangan qarzdorlik bo‘yicha chegirmalar bekor bo‘lishi, qarzdorlik kechiktirilgani uchun kompensatsiya va boshqa to‘lovlar undirish yuzasidan FIFAga murojaat qilinishi bayon etilgan», deyiladi klub xabarida.
Rivaldoning advokatlari yuborgan xatga ko‘ra, (xat nusxasi Kun.uz’da mavjud) to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda qarzning qolgan qismini to‘liq to‘lash, to‘lanmagan umumiy qarz summasiga 10 foiz miqdorida jarima, shuningdek, to‘lov muddati buzilgan birinchi kundan boshlab to‘lanmagan umumiy qarz summasiga har oy uchun 1 foizdan kechiktirilganlik uchun ustama hisoblanishi ko‘zda tutilgan.
Bunyodkor axborot xizmatiga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan holat bo‘yicha 2026 yil 7 may kuni «O‘zbekneftgaz» AJ hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati xabardor qilingan.
«Joriy yilning 14 may kuni mazkur futbolchi ishi bo‘yicha FIFA tomonidan «Bunyodkor» futbol klubiga rasmiy ogohlantirish va jarima qo‘llash borasida xat yuborildi. Unga ko‘ra, 30 kun ichida Rivaldo Ferreira oldidagi belgilangan qarzdorlikni bartaraf etish so‘ralgan bo‘lib, agar qarzdorlik ushbu muddatda bartaraf etilmasa, FIFA tomonidan klubga nisbatan transfer taqiqi qo‘llanishi bayon etilgan», deyiladi xabarda.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, «Bunyodkor»ning yillik budjeti davlat tomonidan ajratiladigan 35 mlrd so‘mdan iborat. Rivaldoning 2028 yilgacha bo‘lib to‘lanadigan qarzining 2026 yil uchun to‘lovlari esa umumiy budjetning yarmini tashkil etadi. Shuningdek, davlat ham 35 mlrd so‘mdan braziliyalik futbolchining qarzini yopishga ruxsat bermagan.
O‘z navbatida, «O‘zbekneftgaz» ham hukumat topshirig‘iga asosan 1 yanvardan futbol klublarini moliyalashtirishni butunlay to‘xtatganini qayd etgan holda, kompaniya «Bunyodkor»ning Rivaldo oldidagi qarzini to‘lamasligini ma’lum qildi. Bu qarzdorlik klub majburiyati ekani bilan izohlanyapti.
Mavzuga oid
21:36 / 07.05.2026
“Hamma bo‘ynigacha qarz” – “Bunyodkor”da yuzlab ishchilar ofsaydga tushib qoldi
12:23 / 24.04.2026
«Bunyodkor» va Rivaldo mojarosi. Qarzni kim to‘laydi?
17:07 / 20.04.2026
Superliga. Peshqadamlar poygasi va «Bunyodkor»dan superkambek
18:15 / 16.04.2026