O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp va Si Pekinda uchrashdi

AQSh prezidenti Donald Tramp uch kunlik tashrif bilan Xitoyga keldi. Trampga ushbu safarda Oq uy rasmiylaridan tashqari yirik biznes vakillari, jumladan, Ilon Mask va Nvidia rahbari Jyensen Xuang kabi o‘nlab texno-gigantlar rahbarlari hamrohlik qilmoqda. Bu — AQSh prezidentining 2017 yildan beri Xitoyga ilk tashrifidir.

Tahlilchilarga ko‘ra, 2017 yildagi tashrifdan beri kuchlar dinamikasi o‘zgargan: avval Xitoy AQShni o‘zining o‘sib borayotgan nufuziga ishontirishga harakat qilgan. Hozirga kelib AQShning o‘zi Xitoyning «superdavlat maqomi»ni tan olmoqda.

14 may kuni ilk uchrashuvlar boshlandi. Pekindagi muhtasham Xalq yig‘inlari saroyida Xitoy yetakchisi Si Jinping faxriy qorovul bilan Trampni tantanali kutib oldi. Tramp esa uni «buyuk lider» deya e’tirof etdi.

«Siz buyuk lidersiz, ba’zan bu gapim odamlarga yoqmaydi, lekin men buni baribir aytaman. Ba’zilar buning tarixdagi eng yirik sammit bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda. Xitoy hamda AQSh o‘rtasidagi munosabatlar har qachongidan ham yaxshi bo‘ladi», dedi Tramp.

Si esa sammitni ocharkan, Xitoy–AQSh barqaror munosabatlari butun dunyo uchun foydali ekanini ta’kidladi: «Biz hamkorlik qilsak, har ikki tomon foyda ko‘radi; qarama-qarshilikka kirishsak, har ikki tomon zarar ko‘radi», dedi Si.

Xitoy OAVlariga ko‘ra, bir kun oldin iqtisodiy va savdo guruhlari o‘tkazgan tayyorgarlik muzokaralari «muvozanatli va ijobiy natija» bilan yakunlangan. Maqsad — o‘tgan oktyabrda erishilgan savdo sulhini saqlab qolish va kelajakdagi investitsiyalar uchun mexanizmlar yaratish.

Uchrashuvda asosiy kelishuv nuqtalari turlicha. AQShning maqsadi: Boeing samolyotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va energiya manbalarini sotish orqali savdo taqchilligini kamaytirish.

Xitoyning maqsadi esa chiplar va ilg‘or yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish uskunalarini sotib olishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish. Nodir yer elementlari yetkazib berishni barqarorlashtirish va AI bo‘yicha muloqot ikki tomon uchun ham muhim.

Bundan tashqari, Eron va Tayvan masalasi ham bor. Tramp Xitoyni Eronni kelishuvga ko‘ndirishga undashi kutilmoqda. Si Jinping uchun esa asosiy masala — Tayvan. Xitoy AQShning ushbu orolga 14 milliard dollarlik qurol sotish rejasiga keskin qarshilik bildirmoqda.