O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp va Si uchrashuvining birinchi kuni

14 may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy yetakchisi Si Jinping Pekinda muzokaralarni boshladi. Muzokaralarning ilk kuni dabdabali marosimlar, savdo hamda bahsli masalalarga daxldor bo‘lgan uchrashuvlar bilan o‘tdi.

Uchrashuv vaqtida Xitoy bojxona boshqarmasi Amerikaning bir necha yuzlab kushxonalariga Xitoyga mol go‘shti eksport qilish uchun litsenziyalarni tasdiqladi. Tramp o‘zining dastlabki bojlarini joriy qilganidan so‘ng Xitoy ushbu litsenziyalarning muddatini tugatgandi.

Shu bilan birga, umumiy savdo munosabatlari noaniqligicha qolmoqda. Ammo Amerika biznes delegatsiyasi a’zolari birinchi uchrashuvdan so‘ng xushkayfiyatda ko‘rindi. Nimalarga erishilgani haqidagi savolga Ilon Mask «Ko‘plab yaxshi narsalarga», deb javob berdi.

Si yopiq muzokaralar chog‘ida Trampni – Tayvan oroli bo‘yicha kelishmovchiliklar, agar noto‘g‘ri hal qilinsa, dunyoning hukmron kuchlarini «to‘qnashuvlar va hatto mojarolar» sari yetaklashi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Ammo davlat kotibi Marko Rubio AQShning Tayvanga nisbatan siyosati «o‘zgarmas» ekanini aytdi.

Trampning o‘zi Fox Newsʼga bergan intervyusida Si urushni hal qilishda shaxsan yordam taklif qilganini aytdi. «U Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishini xohlaydi», - dedi Tramp. «U agar biror-bir yordamim tegsa, yordam berishni xohlar edim, deb aytdi». Ammo Xitoyning Eron bilan strategik sherikligini hisobga olsak, bu nima anglatishi tushunarsiz qolmoqda.

Shuningdek, Si AQShdan 200 ta Boeing samolyotini sotib olish bo‘yicha majburiyat olishiga ishora qilgan. Si shaxsan o‘zi Trampni Pekindagi mashhur Osmon ibodatxonasi bo‘ylab aylantirdi, uning sharafiga dabdabali banket uyushtirdi.

Tramp Xitoy yetakchisini 24 sentabrda Vashingtonga taklif qildi, bugun ham uchrashuvlar davom etmoqda.

Qozog‘istonda Turkiya dronlari

Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasida ANKA uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etiladi.