Jahon | 08:47
1606
3 daqiqa o‘qiladi

MRB rahbari Kubaga Trampning taklifini yetkazdi

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Retkliff Havanada Kuba Ichki ishlar vazirligining yuqori lavozimli amaldorlari bilan uchrashdi. U Kuba hukumatiga Donald Trampning muzokaralar bo‘yicha taklifini yetkazgan.

Foto: AP

Reuters agentligining xabar berishicha, uchrashuv 14 may kuni bo‘lib o‘tgan. Kuba hukumati bayonotida aytilishicha, muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.

Kuba tomoni AQShga orol mamlakati Amerika milliy xavfsizligi uchun tahdid emasligini isbotlovchi dalillar taqdim etganini ma’lum qildi. Shuningdek, Havana Vashingtondan Kubani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarishni talab qilgan.

Reuters suhbatlashgan MRB vakiliga ko‘ra, Jon Retkliff Kuba rasmiylariga AQSh prezidenti Donald Trampning murojaatini yetkazgan. Unda Vashington iqtisodiy va xavfsizlik masalalari bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekani, ammo bu faqat Kubada “tub o‘zgarishlar” amalga oshirilgan taqdirdagina mumkinligi aytilgan.

Shu bilan birga, Kubada yonilg‘i inqirozi kuchayib bormoqda. Mamlakat energetika va tog‘-kon sanoati vaziri Visente de la O Levi 13 may kuni mamlakatda yonilg‘i zaxiralari deyarli tugaganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, bu holat elektr energiyasi uzilishlarini keskin kuchaytirgan. Havana va atrof hududlarda elektr ta’minoti kuniga 20–22 soatgacha o‘chirib qo‘yilmoqda. Orolda oziq-ovqat va dori-darmon tanqisligi ham kuchaygan.

13 may oqshomida Havanada norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar “Chiroqlarni yoqing!” va “Birlashgan xalqni yengib bo‘lmaydi!” degan shiorlarni ko‘tarib chiqqan.

Yaqin vaqtgacha Kubaga neft yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biri Venesuela edi. Ammo Venesuela rahbari Nikolas Maduro AQSh harbiylari tomonidan qo‘lga olinganidan keyin Karakas Kubaga neft eksportini to‘xtatgan.

Tramp Kubani “AQSh milliy xavfsizligi uchun jiddiy tahdid” deb atab, Havanaga yonilg‘i yetkazib beruvchi davlatlarga boj joriy etish bilan tahdid qilgan.

Shunga qaramay, 30 mart kuni Rossiya tankeri Kubaga 100 ming tonna xom neft olib kelgan. Ammo bu zaxira aprel oxirigacha yetarli bo‘lgan xolos.

Kuba hukumati yangi yonilg‘i yetkazib beruvchilarni qidirmoqda, biroq AQSh va Isroilning Eron bilan urushi tufayli neft narxining oshishi bu jarayonni qiyinlashtirmoqda.

BMT esa AQShning Kubaga qarshi blokadasi “Kuba xalqining rivojlanish huquqini buzmoqda” deb baholadi. Tashkilot fikricha, sanksiyalar aholining oziq-ovqat, ta’lim, tibbiyot, suv ta’minoti va munosib sanitariya sharoitlariga bo‘lgan huquqiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid