Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy Qurolli kuchlari tarkibida taxminan 2 million nafar harbiy xizmatchi bor. Mutaxassislar buni mamlakatning ulkan aholisi va ko‘p yillik harbiy modernizatsiya dasturi bilan izohlamoqda.

Hindiston 1,4 million nafar harbiy bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Bu mamlakat aholisi ko‘pligi hamda mintaqadagi doimiy xavfsizlik tahdidlari bilan bog‘liq ekani qayd etilmoqda.

AQSh esa 1,3 million nafar faol harbiy xizmatchi bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan. Shu bilan birga, Amerika dunyodagi eng katta mudofaa budjetiga ega davlat hisoblanadi.



Reytingda e’tiborli jihatlardan biri — KXDR armiyasi hisoblanadi. Aholisi taxminan 27 million bo‘lgan mamlakatda 1,3 million nafar odam armiyada xizmat qiladi. Bu umumiy aholining qariyb 5 foizini tashkil etadi. Mutaxassislar bunday yuqori harbiylashuvni mamlakatning xalqaro izolyatsiyasi va Koreya yarimorolidagi uzoq yillik keskinlik bilan bog‘lamoqda.

Shuningdek, Tayvan va Eritreya ham aholi soniga nisbatan juda katta armiyaga ega davlatlar sifatida qayd etilgan. Bu davlatlar mintaqaviy xavfsizlik bosimi ostida ekani ta’kidlanmoqda.

Tahlilchilar fikricha, aholi soni katta bo‘lishi har doim ham yirik armiya degani emas. Masalan, Indoneziya va Braziliya aholisi 200 milliondan ortiq bo‘lsa-da, ularning faol harbiy xizmatchilari soni 450 ming nafardan oshmaydi.

Mutaxassislar armiya hajmiga demografik omillardan tashqari geosiyosiy manfaatlar, mintaqaviy mojarolar va milliy xavfsizlik tahdidlari ham katta ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.