O‘zbekiston | 16:10
517
2 daqiqa o‘qiladi

Eco Expo Central Asia 2026: Toshkentda yirik ekologik tashabbuslar taqdim etildi

Toshkent shahrida Eco Expo Central Asia 2026 xalqaro ekologik ko‘rgazmasi, Global ekologik jamg‘armaning VIII Assambleyasi hamda Green University va “yashil” texnikumlar faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning ekologik barqarorlik, “yashil” iqtisodiyot va iqlim o‘zgarishiga moslashuv borasidagi yirik tashabbuslari taqdim etildi.

Foto: Ekologiya vazirligi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (Green University) tashkil etilgan tadbirda ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Ekologiya qo‘mitasi mas’ul xodimlari, universitet rahbariyati, OAV vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Jusipbek Kazbekov O‘zbekiston xalqaro ekologik tadbirlar markaziga aylanayotganini ta’kidlab, iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikni saqlash, cho‘llanishga qarshi kurash va suv resurslarini boshqarish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilishini bildirdi.

Matbuot anjumanida Global ekologik jamg‘armaning VIII Assambleyasi doirasida yuqori darajadagi davra suhbatlari, 50 dan ortiq sayd-iventlar va qator xalqaro tashabbuslar amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, “yashil” loyihalarga investitsiya va grantlarni jalb qilish, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgani aytildi.

Eco Expo Central Asia 2026 xalqaro ekologik ko‘rgazmasida dunyoning 100 dan ortiq davlatidan vakillar, investorlar, ekologik mahsulot ishlab chiqaruvchilar va xalqaro tashkilotlar ishtirok etishi kutilmoqda. Ko‘rgazma doirasida ekologik mahsulot va xizmatlarga bag‘ishlangan 68 dan ziyod pavilonlar tashkil etiladi.

Tadbirda Green University va uning huzurida tashkil etilayotgan 14 ta “yashil” texnikum faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanishicha, mazkur ta’lim muassasalarida ekologik sohada raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlanadi.

Shuningdek, anjumanda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Cat X xalqaro mushuklar ko‘rgazmasi haqida ham ma’lumot berildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish