Turizm | 20:05
1992
3 daqiqa o‘qiladi

“Xorij fuqarolarining gidlik qilishiga taqiq qo‘yamiz” – Turizm qo‘mitasi

Ma’lum bo‘lishicha, xorijiy davlat fuqarolarining O‘zbekistonga kelib, gidlik faoliyatini amalga oshirishi endi qonunan taqiqlanadi. Bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasi shakllantirilgan. Hujjat bilan gidlik faoliyati tartibga solinadi. Audio va elektron gid xizmatlari masalasi ham kun tartibida.

Turizm yo‘nalishida ko‘zga ko‘rinmaydigan muammolardan yana biri – gidlar faoliyati. Yurtimizga sayyohlar asosan tariximiz hamda madaniy yodgorliklarimizni yaqindan ko‘rish maqsadida tashrif buyuradi. Ularga gidlarning yordami kerak bo‘lishi tayin. Biroq bugungi gidlarning orasida malakasiz, noprofessional va o‘zidan qo‘shib hikoya to‘qiydiganlari ham yo‘q emas. Buning ortidan esa tarixiy faktlarning aniqligi, chinligi so‘roq ostida qolmoqda.

15 may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz Turizm qo‘mitasi rasmiylaridan ayni mavzuda izoh so‘radi. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘mita hukumat bilan gidlik faoliyatini tartibga soluvchi qaror ustida ishlamoqda.

“Bu og‘riqli mavzu, hukumat qarori loyihasi turibdi. Barcha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan. Gidlar yetishmovchiligi sabab ko‘p xorijlik sayyohlar guruhlari o‘zlarining gidlari bilan kelishmoqda. Ammo ular obekt haqida nimani o‘qigan bo‘lsa, shuni gapiradi. Shuning uchun biz qadriyatlarimiz va tariximiz jamlangan 209 ta obektni jamladik, endi ular uchun yagona matn ishlab chiqilyapti. Ya’ni ularning boshqacha talqini bo‘lishi mumkin emas”, - deydi qo‘mita raisi.

Aqqulovning qo‘shimcha qilishicha, hozir 4500 nafar gid-ekskursavod bor. Bu juda ham kam hisoblanadi va ularning soni hamda sifatini ko‘paytirish masalasi xususiy o‘quv markazlariga ham gid tayyorlash huquqini berish bilan to‘ldirilmoqda. Biroq tadbirkorlar gidlarning saviyasidan norozi bo‘lmoqda. Shundan kelib chiqib, qo‘mita universitetdanoq gidlik sertifikati bilan kadrlarni tayyorlamoqchi.

“Yiliga yettita yo‘nalishda, 3-4 yillik oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan talabalarga xuddi avvalgi avtomobil yo‘llari universitetlarida harbiy bilet berilgani kabi gidlik sertifikati beramiz. Bu bilan yiliga 7500 nafargacha gidni tayyorlaymiz. Shunda yetishmovchilik oldi olinadi va xorijiy davlat fuqarolarining O‘zbekistonga kelib, ekskursiya xizmatlarini ko‘rsatishi qonun bioan taqiqlanadi”, deydi Abdulaziz Aqqulov.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid