Jahon | 15:09
1851
5 daqiqa o‘qiladi

Kongoda yana Ebola virusi tarqaldi: JSST «global favqulodda vaziyat» e’lon qildi

Kongo sharqida Ebola virusiga gumon qilingan 80 ta o‘lim holati qayd etilgan. Laboratoriya tomonidan tasdiqlangan holatlar esa 8 ta, ularning biri Ugandaga ham o‘tgan.

Foto: Reuters

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bildirishicha, Kongo sharqidagi Ituri provinsiyasida Ebola virusiga 246 ta gumon qilingan holat va 80 ta o‘lim holati qayd etilgan. Ammo, 16 may holatiga ushbu epidemiya – pandemiya xavfi mezonlariga javob bermaydi. Shu bilan birga virus hozirda aniqlanayotgan va xabar qilinayotganidan ko‘ra “ancha kattaroq epidemiya“ bo‘lishi mumkinligidan hamda mintaqaviy miqyosda tarqalish xavfi yuqori ekanligi aytildi.

JSSTning ma’lum qilishicha, Ebolaning amaldagi shtammi “Bundibugyo” virusi tomonidan keltirib chiqarilgan bo‘lib, unga qarshi tasdiqlangan dorilar yoki vaksinalar mavjud emas.

Kasallikning dastlabki simptomlari quyidagilardan iborat:

  • Isitma
  • Mushaklardagi og‘riq
  • Charchoq
  • Bosh og‘rig‘i va tomoq og‘rig‘i
  • Keyinchalik qayt qilish, ich ketishi (diareya), toshma va qon ketishi kuzatiladi.

JSSTning bildirishicha, hozirda virus bilan kasallangani laboratoriya tomonidan tasdiqlangan 8 ta holat mavjud. Boshqa gumon qilinayotgan holatlar va o‘limlar esa uchta sog‘liqni saqlash zonasida, jumladan oltin qazib olinadigan Mongvalu va Rvampara shaharlari bo‘ylab qayd etilgan.

BBC’ning agentlikka tayanib yozishicha, virus – Kongodan tashqariga ham tarqalgan. Xususan, qo‘shni Ugandada ikkita tasdiqlangan holat qayd etilgan. Uganda rasmiylarining ma’lum qilishicha, payshanba kuni vafot etgan 59 yoshli erkakda test natijasi ijobiy chiqqan.

Uganda hukumati o‘z bayonotida vafot etgan bemor Kongo fuqarosi bo‘lganini va uning jasadi allaqachon Kongoga qaytarilganini ma’lum qildi.

Tarqalish xavfini oshirayotgan omillar

JSSTning ta’kidlashicha, quyidagi omillar kasallik tarqalish xavfini oshirmoqda:

  • Kongoda davom etayotgan xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat va humanitar inqiroz;
  • Aholi harakatchanligi – migratsiyaning yuqoriligi;
  • Kasallik o‘choqlarining shaharlarda joylashgani;
  • Mintaqadagi norasmiy tibbiyot muassasalarining ko‘pligi.

Bugunga kelib, Kongo bilan chegaradosh davlatlar savdo va sayohat tufayli yuqori xavfli hududlar hisoblanadi.

Tavsiyalar va ko‘rilayotgan choralar

JSST Kongo va Ugandaga kasallikni kuzatish, aniqlash hamda infeksiyaning oldini olish choralarini ko‘rish uchun favqulodda operativ markazlar tashkil etishni tavsiya qildi.

Tarqalishni minimallashtirish uchun, sog‘liqni saqlash agentligi tasdiqlangan holatlar darhol izolyatsiya qilinishi kerakligini aytdi. Kamida 48 soatlik farq bilan o‘tkazilgan ikkita test natijasi salbiy chiqqunga qadar davolanish lozim.

Foto: Reuters

Tasdiqlangan holatlar mavjud bo‘lgan mintaqalar bilan chegaradosh mamlakatlar hukumatlari nazoratni va sog‘liqni saqlash sohasidagi hisobotlarni kuchaytirishi lozim.

JSST ta’sirga uchragan mintaqadan tashqaridagi mamlakatlar o‘z chegaralarini yopmasligi yoki sayohat va savdoni cheklamasligi kerakligini qo‘shimcha qildi. Chunki «bunday choralar odatda qo‘rquv tufayli amalga oshiriladi va ilmiy asosga ega emas».

Ebola – davosi yo‘q virus

Ebola birinchi marta 1976 yilda hozirgi Kongo hududida aniqlangan va u ko‘rshapalaklardan tarqalgan deb hisoblanadi. Hozirda ushbu o‘limga olib keluvchi virusli kasallikning mamlakatdagi 17-epidemiyasidir. U hayvonlardan ham, odamlardan ham odamga yuqishi mumkin. Virus o‘tishi havo orqali emas, tana suyuqliklari bilan bevosita aloqa yoki shikastlangan teri orqali yuqadi.

Ebola kuchli qon ketishi va a’zolar yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bu virusga qarshi isbotlangan davo chorasi yo‘q, o‘rtacha o‘lim ko‘rsatkichi esa taxminan 50% ni tashkil qiladi.

So‘nggi 50 yil ichida Afrika mamlakatlarida 15 000 ga yaqin odam ushbu virusdan vafot etgan. Kongodagi eng halokatli epidemiya 2018 va 2020 yillar oralig‘ida sodir bo‘lgan bo‘lib, unda 2300 ga yaqin odam halok bo‘lgandi. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid