O‘zbekiston | 19:00
753
4 daqiqa o‘qiladi
Reklama

O‘zbekiston texnologik metallar kombinati Yevropaning yirik bankidan 50 mln yevrolik resurslarni jalb qilmoqda

O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan “Investorlar kuni” doirasida Yevropaning eng yirik moliyaviy institutlaridan biri - Société Générale bilan 50 million yevro miqdoridagi moliyaviy resurslarni jalb qilish bo‘yicha asosiy shartlar kelishuvi (Terms Sheet)ni imzoladi.

Foto: TMK

Mazkur kelishuv TMKning xalqaro kapital bozorlaridagi ishtirokini yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, O‘zbekistonning kritik minerallar va texnologik metallar sanoatini global moliya tizimi bilan integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Hamkorlik doirasida uzoq muddatli kredit liniyalarini tashkil etish, savdo operatsiyalarini moliyalashtirish, eksportga yo‘naltirilgan hamda chuqur qayta ishlash asosidagi sanoat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy investitsion-bank mexanizmlarini joriy etish va xalqaro eksport-kredit agentliklari (ECA) bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari nazarda tutilgan. Shuningdek, tomonlar ESG tamoyillari asosida “yashil” va barqaror ishlab chiqarish loyihalarini rivojlantirish hamda TMKning global moliya bozorlaridagi investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha ham kelishuvga erishdi.

“Investorlar kuni” doirasida O‘zbekiston texnologik metallar kombinati delegatsiyasi, shuningdek, ICBC Standard Bank, MUFG, Standard Chartered Bank, Deutsche Bank, J.P. Morgan, BlackRock, Wellington Management Company LLP, Ashmore Investment Management, T. Rowe Price Associates hamda AXA Investment Management kabi dunyoning yetakchi investitsiya institutlari bilan ham muzokaralar olib bordi. Muloqotlar davomida TMK tomonidan xalqaro kapital bozorida yevrobondlarning muvaffaqiyatli joylashtirilishi, kompaniyaning kritik minerallar bozoridagi istiqbollari va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sanoat loyihalari xalqaro investorlar tomonidan yuqori baholandi.

Bundan tashqari, TMK xalqaro investitsiyalar va strategik sanoat loyihalarini moliyalashtirishga ixtisoslashgan Kirkoswald Capital Partnership LLP kompaniyasi bilan ham anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat muhim xomashyo va texnologik metallar sohasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish va qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Uchrashuv davomida “O‘zbekiston TMK” AJning ishlab chiqarish salohiyati, strategik rivojlanish yo‘nalishlari, chuqur qayta ishlashga qaratilgan sanoat klasterlari hamda xalqaro investitsiya hamkorligini kengaytirish bo‘yicha rejalari atroflicha taqdim etildi.

Shu bilan birga, dunyoning eng yirik investitsiya va aktivlarni boshqarish korporatsiyasi va AQShning yirik investitsiya kompaniyalaridan biri bo‘lgan BlackRock vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Muzokaralar davomida kombinatning strategik ahamiyatga ega mineral resurslar bazasi, istiqbolli investitsiya loyihalari hamda xalqaro kapital bozorlariga chiqish rejalari taqdim etildi. Uchrashuv yakunida BlackRock vakillari kombinat tomonidan xalqaro kapital bozorlarida yevrobondlarni muvaffaqiyatli joylashtirish ishlari amalga oshirilgan taqdirda, mazkur moliyaviy instrumentlarga investitsiya kiritish hamda obligatsiyalarni sotib olish.

Bugungi kunda O‘zbekiston texnologik metallar kombinati “kon-metall-bozor” tamoyili asosida geologiya-qidiruv, qazib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan yagona sanoat ekotizimini shakllantirmoqda. Kompaniya kritik minerallar va texnologik metallar yo‘nalishida xalqaro hamkorliklarni kengaytirish orqali O‘zbekistonni global sanoat va yashil iqtisodiyot uchun muhim xomashyo markazlaridan biriga aylantirishni maqsad qilgan. 

Reklama huquqi asosida

Фазлиддинбек Раҳмоналиев
Tayyorlagan Фазлиддинбек Раҳмоналиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish