2026 yil 1-choragida Rossiya yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,2 foizga qisqardi. Bir necha kun oldin hukumat joriy yilgi o‘sish prognozini 1,3 foizdan 0,4 foizgacha pasaytirgan edi. Bu – o‘tgan yilgi 1 foizlik o‘sishdan ham pastroq. “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar Abduvali Soyibnazarov va Shuhrat Rasul buning sabablari haqida so‘z yuritdi.
— Rossiya hukumati nega iqtisodiy o‘sish prognozini uch barobarga tushirdi?
Abduvali Soyibnazarov: Avvalo, asosiy sabab sifatida G‘arb sanksiyalari va eksport cheklovlarini ko‘rsatish mumkin. 2022 yilgacha Rossiya asosan Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan yirik savdo aloqalariga ega edi hamda neft-gaz eksportining katta qismini yuqori bozor narxlarida aynan Yevropaga sotib kelgan.
Hozir esa Rossiya eksport yo‘nalishlarini Osiyo va qisman Afrika davlatlariga burishga majbur bo‘ldi. Bugungi kunda uning asosiy hamkorlari orasida Xitoy, Hindiston, Vetnam va boshqa ayrim davlatlar bor. Biroq Rossiya endilikda energiya resurslarini avvalgidek yuqori va qulay narxlarda sota olmayapti. Natijada eksportdan olinayotgan foyda ham sezilarli darajada kamaygan.
Bundan tashqari, texnologik importga qo‘yilgan cheklovlar uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirmoqda. G‘arb tomonidan joriy etilgan ko‘plab sanksiya paketlari Rossiya iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yana bir muhim omil – yuqori foiz stavkalari. Inflatsiyani jilovlash maqsadida Rossiya Markaziy banki qayta moliyalash stavkasini yuqori darajada ushlab turibdi. Bu esa biznes uchun kreditlarni qimmatlashtiradi va iqtisodiy faollikning pasayishiga olib keladi.
Tadbirkorlar uchun investitsiya qilish va ishlab chiqarishni kengaytirish tobora murakkablashmoqda. Shuningdek, mamlakatda malakali ishchi kuchi taqchilligi ham kuchaygan. 2022–2023 yillardagi harbiy safarbarlik davrida ko‘plab yuqori malakali mutaxassislar, ayniqsa IT sohasi vakillari xorijga chiqib ketdi. Bu holat Rossiyaning texnologik va iqtisodiy salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Umuman olganda, sanksiyalar, eksport daromadlarining qisqarishi, yuqori foiz stavkalari va malakali kadrlar oqimi Rossiya iqtisodiy o‘sish prognozining keskin pasayishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillar hisoblanadi.
Shuhrat Rasul: Aslida 1,3–1,4 foizlik iqtisodiy o‘sishning o‘zi ham makroiqtisodiyot nuqtayi nazardan juda past ko‘rsatkich hisoblanadi. Ayrim iqtisodchilar bunday o‘sishni real rivojlanish emas, balki statistik xatolik darajasidagi ko‘rsatkich sifatida baholaydi. Ya’ni 1 foiz atrofidagi o‘sish iqtisodiyotda sezilarli ijobiy o‘zgarish borligini anglatmaydi.








