O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp Eronga rejalashtirilgan yangi hujumni to‘xtatdi

AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni – Tehron tinchlik taklifini yuborganidan so‘ng Eronga qarshi rejalashtirilgan hujumni to‘xtatib turganini bildirdi. Uning aytishicha, hozirda Eron yadro dasturini cheklovchi bitimga erishish uchun «juda yaxshi imkoniyat» bor.

«Biz ertaga Eronga rejalashtirilgan hujumni amalga oshirmaymiz. Biroq maqbul kelishuvga erishilmagan taqdirda, harbiylarimizga istalgan daqiqada Eronga jiddiy, keng ko‘lamli hujumni boshlashga tayyor turishga buyruq berdik», dedi Tramp. AQSh bunday hujum haqida avval e’lon qilmagandi.

Tramp o‘z postida Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA rahbarlari undan hujumni kechiktirishni so‘raganini aytdi. U AQSh va Yaqin Sharqdagi barcha mamlakatlar uchun «juda maqbul bo‘ladigan kelishuv» tafsilotlarini ochiqlamadi.

«Agar biz buni ularni butunlay bombardimon qilmasdan uddalay olsak, juda xursand bo‘lardim», dedi Tramp.

Trampning posti Eron tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Ismoil Baqoiy ularning javobi «Pokiston orqali yetkazilganini» tasdiqlaganidan keyin e’lon qilindi. Biroq Baqoiy ham tafsilotlarni keltirmadi.

Pokistonlik manbaga ko‘ra, kelishuvlarda siljishga erishish qiyin bo‘lmoqda. Chunki tomonlar «o‘yin qoidalarini, talablarini tinmay o‘zgartirmoqda».

Shuningdek, Reuters manbalari Vashington pozitsiyasi biroz yumshaganini ta’kidlamoqda. Bu Eronning muzlatilgan pullari va sanksiyalarga aloqador.

Pokiston Saudiyaga katta harbiy kuch yubordi

Eron urushida asosiy vositachi rolini o‘tayotgan Pokiston o‘zaro mudofaa pakti doirasida Saudiya Arabistoniga 8 000 nafar harbiy xizmatchi, qiruvchi samolyotlar eskadrilyasi va havo mudofaa tizimini joylashtirdi.

Bu haqda Reuters nashri uch nafar xavfsizlik mulozimi va hukumatdagi manbalariga tayanib yozdi.

Xususan, Pokiston aprel oyida Saudiyaga – Xitoy bilan birgalikda ishlab chiqarilgan JF-17 qiruvchi samolyotlaridan iborat, taxminan 16 ta havo kemasini o‘z ichiga olgan to‘liq eskadrilyani yuborgan. Shuningdek, dronlarning ikki eskadrilyasi ham bor.