Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Izmail, Dnipropetrovsk va Xarkivga hujum qildi
Rossiya qo‘shinlari 19 mayga o‘tar kechasi Ukrainaning Odessa viloyatidagi Izmail shahri, Dnipropetrovsk viloyati hamda Xarkiv shahriga havodan hujum uyushtirdi.
Foto: ISU Tulcea/AP Photo/picture alliance
Odessa viloyatidagi Izmail tuman ma’muriyati ma’lum qilishicha, Rossiyaning navbatdagi havo hujumi oqibatida Izmail shahridagi port infratuzilmasi obektlari zarar ko‘rgan.
Ukraina favqulodda vaziyatlar xizmati bo‘linmalari hujum oqibatlarini tezkor bartaraf etgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar va katta vayrongarchiliklar yo‘q.
Ma’muriyat bayonotida aytilishicha, “havo hujumi vositalarining deyarli barchasi Izmail tumani aholi yashash hududlaridan tashqarida yo‘q qilingan”.
Shu bilan birga, Naftogaz of Ukraine rahbari Sergey Koretskiy Rossiya qo‘shinlari neft-gaz infratuzilmasi obektlariga ommaviy hujumlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 17–18 may kunlari dronlar orqali uzluksiz hujumlar amalga oshirilgan, 18 may kechqurun esa Dnipropetrovsk viloyatidagi obektlarga bir vaqtning o‘zida uchta ballistik raketa bilan zarba berilgan.
Koretskiy obektlarda vayrongarchiliklar borligini, ammo xodimlar jabrlanmaganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan haftada ham Poltava viloyatidagi “Naftogaz” infratuzilmasi ballistik raketalar bilan kuchli o‘qqa tutilgan.
Xarkiv shahri meri Igor Terexov Telegram orqali shaharning Novobavarskiy va Xolodnogorskiy tumanlariga dronlar hujum qilganini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Novobavarskiy tumanida fuqarolik infratuzilmasi obekti nishonga olingan va hujum joyida yong‘in chiqqan. Shuningdek, xususiy uylar ham yonayotgani aytilmoqda.
Qutqaruvchilar bir uydan ikki nafar odamni evakuatsiya qilgan. Yana bir kishi vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin va qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Avvalroq, 5 may kuni Bloomberg agentligi Ukraina ham Rossiya hududida dronlar zarbasi yetib boradigan hududni kengaytirganini xabar qilgan edi. Agentlik hisob-kitobiga ko‘ra, ukrain dronlari Rossiya hududining qariyb chorak qismiga yetib bora oladi va bu hududlarda mamlakat aholisining 70 foizdan ortig‘i yashaydi.