Jamiyat | 09:41
4489
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar AQShda 10 oygacha qishloq xo‘jaligida ishlashi mumkin

O‘zbekiston fuqarolari AQShning H-2A dasturi orqali 10 oygacha qishloq xo‘jaligi sohasida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bu yo‘nalishda AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik kengaytirilmoqda.

Bu haqda Amerikaning USA Farm Labor kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Manuel Fik birinchi Toshkent xalqaro migratsiya forumi doirasida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, kompaniya O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda o‘zbekistonliklarni AQShdagi qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish ustida ish olib bormoqda.

“Bu hamkorlik AQShdagi ish beruvchilar uchun ishchi kuchi yetishmasligi muammosini hal qilish, shu bilan birga, o‘zbekistonliklarga xorijda mehnat qilib, daromad topish va turmush sharoitini yaxshilash imkonini beradi”, — dedi Manuel Fik.

Uning ta’kidlashicha, AQShda mehnat huquqlarini himoya qilish bo‘yicha kuchli tizim shakllangan. Mamlakatda ishchilar xavfsizligini ta’minlash, ekspluatatsiya va inson savdosining oldini olishga qaratilgan qonunlar amal qiladi.

Shu sababli, AQShga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga boradigan o‘zbekistonliklar munosib mehnat sharoitlari va huquqiy kafolatlar bilan ta’minlanishi aytilmoqda.

Manuel Fikning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik ish beruvchilar O‘zbekistondan keladigan yosh, mehnatkash va ingliz tilini biladigan malakali ishchilarga qiziqish bildirmoqda.

Uning fikricha, mazkur hamkorlik nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki ikki davlat o‘rtasida tajriba va kasbiy ko‘nikmalar almashinuvini ham kuchaytiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid