O‘zbekiston | 14:42
874
2 daqiqa o‘qiladi

Yer ijarasi shartnomasini uzaytirishning yangi tartibi tasdiqlandi

Fuqarolar va tadbirkorlar yer ijara muddatini uzaytirish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali - my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Reglamentga ko‘ra, ijaraga beruvchi tegishli organlardan ma’lumotlarni olgach, 10 ish kuni ichida yer uchastkasidan muntazam foydalanilayotgan yoki foydalanilmayotganligini tekshiradi. Keyin ariza ma’qullangani yoki rad etilgani haqida xabarnoma shakllantirilib, murojaatchiga yuboriladi.

2026 yil 18 maydagi hukumat qarori bilan O‘zbekistonda yer uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish reglamenti tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, fuqarolar va tadbirkorlar yer ijara muddatini uzaytirish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.

Arizaga avval rasmiylashtirilgan yer uchastkasining ijara shartnomasi ilova qilinadi. Agar murojaat ijarachining o‘rniga boshqa shaxs tomonidan berilsa, tegishli ishonchnoma ham taqdim etilishi kerak.

Reglamentga ko‘ra, ijaraga beruvchi tegishli vakolatli organlardan ma’lumotlarni olgach, 10 ish kuni ichida yer uchastkasidan muntazam foydalanilayotgani yoki foydalanilmayotganini tekshiradi. Keyin ariza ma’qullangani yoki rad etilgani haqida xabarnoma shakllantirilib, murojaatchiga yuboriladi.

Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Shuningdek, yer uchastkasining ijara shartnomasi tuman yoki shahar hokimligi tomonidan imzolangach, hujjat avtomatik tarzda ariza beruvchiga yuboriladi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid