O‘zbekiston | 10:31
1274
2 daqiqa o‘qiladi

Metro bekatlarida kichik savdo nuqtalari paydo bo‘ladi

Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida metro bekatlarida vending apparatlari va kichik savdo nuqtalarini joylashtirish rejalashtirilmoqda. Bu choralar 2028 yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Foto: Kun.uz

Bu haqda prezidentning “Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, metro bekatlariga kirish joylarida hamda bekatlar orasidagi o‘tish yo‘laklarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlagan holda vending apparatlari va kichik ko‘chma savdo obektlarini joylashtirish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, xususiy tadbirkorlarga metropoliten tonnellari va bekatlarida auksion orqali ijara asosida xavfsiz faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

Hujjatda 2030 yilgacha metropolitenda tashiladigan kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 million nafarga yetkazish, bekatlar sonini 79 taga va liniyalar uzunligini 103 kilometrgacha oshirish vazifalari belgilangan.

Bundan tashqari, metro stansiyalari oldida avtoturargohlar tashkil qilinib, Park & Ride tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, avtoturargohdan foydalangan yo‘lovchilarga metro chiptalari uchun chegirmalar berish hamda avtoturargoh to‘lovini metro chiptasi orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan birga, metro poyezdlari harakat intervalini 2–3 daqiqagacha qisqartirish ham rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid