Ko‘chmas mulk | 15:43
876
3 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt uy-joy bozorida faollik pasaydi. Bu naqdsiz oldi-sotdi tartibining joriy etilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin

Toshkent shahri tumanlari o‘rtasida uy-joy narxlari farqi kattalashyapti. To‘liq ta’mirlangan xonadonlarning 1 kv metri bo‘yicha o‘rtacha taklif narxlari quyidagicha: Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida - 1413–2121 dollar, Shayxontohur, Yunusobod, Chilonzor va Yashnobodda - 1195–1797 dollar, Uchtepa, Olmazor va Sergelida - 900–1367 dollar. Uy-joy bozorida 2–3 xonali segmentlarda narx nisbatan barqaror saqlanyapti. Birlamchi bozorda 4+ xonali uylarda arzonlash kuzatilgan.

Foto: Kun.Uz

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan 2026 yilning aprel oyida Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uy-joy narxlari va bozor faolligi tahlil qilindi.

Qayd etilishicha, o‘tgan oyda uy-joy bozorida faollik pasaydi. Mazkur davrda umumiy e’lonlar soni 44,5 mingtani tashkil qilib, mart oyiga nisbatan 13,4 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,7 foizga qisqargan.

E’lonlar sonida birlamchi bozor ulushi ortib boryapti. Xususan, uy-joy e’lonlari tarkibida birlamchi bozor ulushi 2024 yil yanvar oyidagi 33,8 foizdan 47,6 foizgacha oshgan, ikkilamchi bozor ulushi esa 66,2 foizdan 52,4 foizgacha kamaygan.

Uy-joy bozorida 2–3 xonali segmentlarda narx nisbatan barqaror saqlanyapti. Birlamchi bozorda 4+ xonali yuqori narx segmentida pasayish kuzatilayotgan bo‘lsa, ikkilamchi bozorda ushbu segmentda mo‘’tadil o‘sish qayd etilgan
Birlamchi bozorda narxlarning o‘zgarishi:

·       3 xonali — (+1,8 foiz);

·       2 xonali — (+0,7 foiz);

·       1 xonali — (−1,6 foiz);

·       4+ xonali — (−2,1 foiz).

Ikkilamchi bozorda narxlarning o‘zgarishi

·       1 xonali — (+3,5 foiz);

·       2 xonali — (+0,4 foiz);

·       3 xonali — (+1,2 foiz);

·       4+ xonali — (+0,6 foiz).

To‘liq ta’mirlangan uy-joylar bo‘yicha 1 m² uchun o‘rtacha taklif narxlari tumanlar kesimida farqlanadi: Mirobod, Yakkasaroy, Mirzo Ulug‘bekda: 1413 -2121 dollar, Shayxontohur, Yunusobod, Chilonzor va Yashnabodda 1195-1797 dollar, Uchtepa, Olmozor va Sirg‘alida 900-1367 dollar oralig‘ida.

To‘liq ta’mirlangan xonadonlarning hududlar o‘rtasidagi narx tafovuti birlamchi bozorda 2 barobardan oshadi. 4 xonali to‘liq ta’mirlangan xonadonlarda, birlamchi bozor: Mirobod — $2117/m² bo‘lsa, Sirg‘ali — $922/m².  Ikkilamchi bozorda bu ko‘rsatkich quyidagicha: Mirobod — $1 677/m², Sirg‘ali — $900/m².

MHTI ekspertlarining qayd etishicha, Yashnobod tumanida kuzatilayotgan narx o‘sishiga qurilish faolligi, infratuzilma rivoji hamda “Yangi Toshkent” loyihasi bilan bog‘liq kutilmalar ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Qayd etilishicha, naqdsiz oldi-sotdi tartibining joriy etilishi dastlabki oyda narxlarda keskin o‘zgarish keltirib chiqarmagan. Yakuniy ta’sirni baholash uchun 2026 yilning 2–3-choraklaridagi dinamika muhim bo‘ladi.

 Tahlillar Olx.uz ochiq e’lonlari asosida tayyorlangan bo‘lib, undagi narxlar taklif narxlarini aks ettiradi, yakuniy bitim bahosi bundan farq qilishi mumkin.

 

 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid