Ta’lim | 19:31 / 21.05.2026
1779
3 daqiqa o‘qiladi

Tarixdagi eng yaxshi 100 ta roman reytingi e’lon qilindi

The Guardian gazetasi reytingida birinchi o‘rinni Jorj Eliotning «Midlmarch: Provinsial hayotni o‘rganish» kitobi egalladi. Ro‘yxatda «Uliss», «Anna Karenina», «Urush va tinchlik» va «Jyeyn Eyr» kabi durdona asarlar ham bor.

Foto: Lisa Sheehan/The Guardian

Britaniyaning The Guardian gazetasi 100 ta eng buyuk roman nomini e’lon qildi. Buning uchun tahririyat 170 nafardan ortiq muallif, tanqidchi va olimlardan eng yaxshi 10 talikni tuzishni so‘radi. Yakuniy reyting nafaqat asarlarning tilga olinish miqdorini, balki so‘rov ishtirokchilarining individual ro‘yxatidagi o‘rnini ham hisobga oldi.

Birinchi o‘rinni Jorj Eliotning «Midlmarch: Provinsial hayotni o‘rganish» kitobi egalladi. Roman o‘quvchini 1829-1832 yillardagi Angliyaga olib boradi va ko‘plab voqealarni o‘zaro bog‘laydi: xudbin olimning muvaffaqiyatsiz nikohi, romantik munosabatlari, bankirning boylik sari yo‘li va bir-biri bilan deyarli kesishmaydigan boshqa chiziqlar.

Ikkinchi o‘rinda Toni Morrisonning «Mahbuba» asari joylashgan. Syujyet 1856 yil yanvar oyida Kentukki shtatidan ozod Ohayo shtatiga qochib ketgan qoratanli qul Margaret Garnerning haqiqiy taqdiriga asoslangan. Voqealar urushdan keyingi Amerikada sodir bo‘ladi.

Uchinchi o‘rin Jyeyms Joysning «Uliss» asariga nasib etdi. Bu keng ko‘lamli va murakkab roman qarama-qarshi munosabatlarga sabab bo‘ladi: ba’zi o‘quvchilar unga qoyil qoladi, boshqalari esa tushunmaydi. Shu bilan birga, asar adabiy modernizmning asosiy yutug‘i sifatida tan olingan. Matn tarix, falsafa, adabiyot va madaniyatga ishoralarga boy.

The Guardian talqiniga ko‘ra tarixdagi eng buyuk 10 ta roman

  • «Midlmarch: Provinsial hayotni o‘rganish» - Jorj Eliot

  • «Mahbuba» — Toni Morrison

  • «Uliss» — Jyeyms Joys

  • «Mayoqqa» — Virjiniya Vulf

  • «Yo‘qotilgan vaqtni izlab» — Marsel Prust

  • «Anna Karenina» — Lev Tolstoy

  • «Urush va tinchlik» — Lev Tolstoy

  • «Jyeyn Eyr» — Sharlotta Bronte

  • «G‘urur va xurofot» — Jyeyn Ostin

  • «Bovari xonim» — Gyustav Flober

Top-50 talikka «Buyuk Getsbi» (11-o‘rin), «Mobi Dik» (15), «Yolg‘izlikning yuz yili» (17), «Momaqaldiroq dovoni» (20), «Don Kixot» (26), «Frankenshteyn» (30), «Xizmatkor ayol hikoyasi» (36), «Ko‘rinmas odam» (37) va «Sehrli tog‘» (42), «Shovqin va g‘azab» (57), «Qonli meridian» (68), «Drakula» (76), «Alvido, qurol!» (83), «Hiyla-22» (97) va «Yo‘l» (98) asarlari ham kirdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid