Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Meva-sabzavot eksporti uchun yangi tartib joriy etildi
O‘zbekistonda fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini takomillashtirish maqsadida yangi tizim joriy etilmoqda. Prezident qaroriga muvofiq, fitosanitar nazoratda avtomatlashtirilgan mexanizmlar, jamoatchi inspektorlar instituti va agrologistika markazlari orqali eksport qilish tartibi bosqichma-bosqich amalga kiritiladi.
Prezidentning “Fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish hamda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish jarayonlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–193-son qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, tadbirkorlarning yuklarini ko‘rik uchun omborlarda saqlash bilan bog‘liq xarajatlari 60 milliard so‘mgacha qisqartiriladi.
Shuningdek, fitosanitar xavf darajasi o‘rta bo‘lgan import tovarlarini nazorat qilishga ketadigan vaqt o‘rtacha 3 ish kunidan 1 ish kunigacha qisqartiriladi.
2026 yil 1 avgustdan boshlab karantin mahsulotlari bo‘yicha fitosanitar nazoratda xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olishning avtomatlashtirilgan mexanizmi joriy etiladi.
Bu tizim E-Fitouz elektron portali orqali shakllantiriladi va Bojxona qo‘mitasining “Yagona darcha” axborot tizimi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya qilinadi.
Shu bilan birga, 2026 yil avgust oyidan sinov tariqasida meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan ayrim tumanlarda mahsulotni yetishtirishdan tortib eksportgacha bo‘lgan jarayonda fitosanitar nazoratni amalga oshirish uchun jamoatchi inspektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga muvofiq, 2029 yil 1 yanvardan boshlab meva-sabzavot mahsulotlari eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi.