Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina dronlari Rossiyaning yirik neft zavodiga zarba berdi
Rossiyaning eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri - “Lukoyl-Nijyegorodnefteorgsintez” (NORSI) Ukraina dronlari hujumidan keyin ishlab chiqarish quvvatlarining yarmidan ko‘prog‘ini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Reuters agentligiga ko‘ra, zavodning asosiy neftni qayta ishlash uskunasi ishdan chiqqan.
Foto: Zima Nadezhda/Zoonar/IMAGO
Reuters 21 may kuni tarqatgan xabarda ta’kidlanishicha, Nijyegorod viloyatining Kstovo shahrida joylashgan NORSI zavodiga 20 mayga o‘tar kechasi Ukraina dronlari hujum qilgan.
Hujum oqibatida zavodning asosiy AVT-6 neftni birlamchi qayta ishlash qurilmasi to‘xtab qolgan. Mazkur uskuna korxona umumiy quvvatining 53 foizini ta’minlab, sutkasiga 25,7 ming tonna neftni qayta ishlash imkoniga ega bo‘lgan.
NORSI Rossiyadagi to‘rtinchi eng yirik neftni qayta ishlash zavodi va mamlakatda benzin ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Hujumgacha zavod yiliga 16 million tonna neft yoki kuniga taxminan 320 ming barrel neftni qayta ishlash quvvatiga ega edi.
20 mayga o‘tar kechasi Kstovo shahriga dronlar hujum qilgani haqida OAV va OSINT-kanallar xabar bergan, mahalliy hokimiyat esa NQZda yong‘in chiqqanini rasman tasdiqlamagan.
“Nijyegorodnefteorgsintez” so‘nggi ikki oy ichida ikkinchi marta hujumga uchramoqda. Avvalroq, 5 aprel kuni ham korxona dronlar zarbasidan shikastlangan edi.
Reuters agentligi 20 may kuni tarqatgan boshqa ma’lumotda esa Rossiyaning markaziy qismidagi deyarli barcha yirik neftni qayta ishlash zavodlari so‘nggi haftalardagi Ukraina dronlari hujumlari ortidan ishlab chiqarishni qisqartirgani yoki vaqtincha to‘xtatgani aytilgan.
Agentlik manbalariga ko‘ra, to‘liq yoki qisman ishdan chiqqan NQZ umumiy quvvati yiliga 83 million tonnadan oshadi. Bu Rossiya neftni qayta ishlash umumiy quvvatining qariyb chorak qismiga teng.
Shuningdek, mazkur hajm mamlakatda ishlab chiqariladigan benzinning 30 foizdan ortig‘i va dizel yoqilg‘isining taxminan 25 foizini tashkil etadi.
Rossiya Energetika vazirligi Reuters so‘roviga rasmiy izoh bermagan.