Uchrashuv avvalida BAA prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, mamlakat bosh vaziri va Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktum hamda vitse-prezident Shayx Mansur Ol Nahayonning samimiy salomi va ezgu tilaklari davlatimiz rahbariga yetkazildi.
Muloqotda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, byurokratiyani qisqartirish va islohotlar natijadorligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma “yo‘l xaritasi”ning amaliy ijrosini yuqori baholadi.

Shuningdek, “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” ta’lim dasturi doirasida erishilgan natijalar e’tirof etildi. Loyiha hozirga qadar bir milliondan ortiq ishtirokchini qamrab olgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda davlat organlari faoliyati samaradorligini baholash tizimini yanada takomillashtirish, mahalliy hokimiyat vakillarini mazkur jarayonlarga keng jalb etish, shuningdek, umummilliy kitobxonlik harakatini birgalikda yo‘lga qo‘yish rejalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma taraqqiyot forumlarini tashkil etish hamda O‘zbekiston rivojiga xizmat qiluvchi strategik va konseptual hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.









