Texnologiya | 08:40
784
3 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy intellektdan eng ko‘p foydalanayotgan davlatlar ma’lum bo‘ldi

Microsoft tahlillariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida dunyo mehnatga layoqatli aholisining qariyb 17,8 foizi sun’iy intellekt (SI) vositalaridan muntazam foydalangan. SIni kundalik ish jarayonlariga joriy etish bo‘yicha esa Birlashgan Arab Amirliklari va Singapur yetakchilik qilmoqda.

Foto: Shutterstock/FOTODOM

Visual Capitalist tomonidan e’lon qilingan infografika va Microsoft ma’lumotlariga ko‘ra, BAA dunyoda SIdan foydalanish darajasi eng yuqori davlatga aylangan. Mamlakatda mehnatga layoqatli aholining 70 foizdan ortig‘i sun’iy intellekt vositalaridan faol foydalanmoqda.

Ikkinchi o‘rinni 63 foiz ko‘rsatkich bilan Singapur egallagan.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, SI sohasidagi yirik kompaniyalar asosan AQShda joylashganiga qaramay, texnologiyadan amaliy foydalanish bo‘yicha mamlakat hatto birinchi yigirmatalikka ham kirmagan.

Amerikada SIdan muntazam foydalanish darajasi 31,3 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Norvegiya, Irlandiya, Fransiya, Ispaniya va Niderlandiya kabi qator Yevropa davlatlaridan past.

Mutaxassislar bu holatni Yevropa davlatlarida raqamli iqtisodiyotning yaxshi rivojlangani, internet sifati yuqori ekani va aholining raqamli xizmatlardan foydalanishga moslashgani bilan izohlamoqda.

Shu bilan birga, ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar SIni joriy etishning dastlabki bosqichida qolmoqda. Bu esa kelasi o‘n yillikda mehnat unumdorligi va iqtisodiy raqobatbardoshlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan global tafovutni kuchaytirishi aytilmoqda.

Tadqiqotda ta’kidlanishicha, AQSh sun’iy intellekt modellarini yaratish, chiplar ishlab chiqarish va venchur sarmoyalar bo‘yicha hali ham yetakchi hisoblanadi. Biroq kichik va yuqori raqamlashgan davlatlar SIni oddiy ish jarayonlariga tezroq joriy qilmoqda.

Microsoft ma’lumotlariga ko‘ra, Osiyo hozir dunyodagi sun’iy intellekt bozori eng tez o‘sayotgan hududga aylangan. Eng yuqori o‘sish Janubiy Koreyada qayd etilgan — 2025 yilning birinchi yarmidan 2026 yil birinchi choragigacha SIdan foydalanish 43,2 foizga oshgan.

Shuningdek, Tailandda o‘sish 36,2 foiz, Yaponiyada 34,1 foiz va Mo‘g‘ulistonda 32,2 foizni tashkil etgan.

Mutaxassislar bu o‘sishni SI xizmatlarining ingliz tilidan tashqari tillarda ham ancha samarali ishlay boshlagani va Osiyo davlatlarining raqamli infratuzilmaga katta sarmoya kiritayotgani bilan bog‘lamoqda.

Qiziq jihati shundaki, Xitoyda SIdan foydalanish darajasi hozircha nisbatan past — taxminan 16 foiz. Biroq tahlilchilarga ko‘ra, aholisi juda katta bo‘lgan mamlakatda hatto mo‘’tadil o‘sish ham yuz millionlab yangi foydalanuvchilar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Ekspertlar fikricha, sun’iy intellektning kundalik hayot va ish jarayonlariga chuqur kirib borishi kelasi o‘n yillikda iqtisodiy tengsizlikning asosiy omillaridan biriga aylanishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid