O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Putin qasos olmoqchi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin juma kuni o‘z harbiylariga Ukrainadan o‘ch olish choralarini tayyorlashni buyurdi. U buni olti kishining hayotiga zomin bo‘lgan talabalar yotoqxonasiga qilingan dron hujumi bilan izohladi.

Kreml hisobotida aytilishicha, Kiyevning hujumi — Rossiya nazoratida bo‘lgan Luhansk viloyatining Starobilsk shahridagi yotoqxonaga uyushtirilgan. Putin – Kiyev harbiylari «nimalarni nishonga olayotganini aniq bilgani»ni ta’kidladi.

Putin davlat televideniyesi orqali uzatilgan o‘z bayonotida yotoqxona yaqinida hech qanday harbiy nishonlar bo‘lmaganini aytdi.

Rossiya inson huquqlari bo‘yicha vakilining ma’lum qilishicha, tunda Ukraina dronlari hujum qilgan paytda, kollej yotoqxonasida 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 86 nafar o‘smir bo‘lgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi Ukraina zarbasi oqibatida besh qavatli yotoqxonaning yuqori uchta qavati butkul vayron bo‘lganini bildirdi.

Rossiya rasmiylari tomonidan e’lon qilingan fotosurat va videolarda qutqaruvchilar vayronalar ostidan bir kishini zambilda olib chiqayotgani, jiddiy shikastlangan binolar va hali ham davom etayotgan yong‘inlar aks etgan.

Ukraina harbiylari Rossiya ayblovlarini rad etib, ushbu hududdagi dronlarni boshqarish bo‘yicha elita bo‘linmasiga zarba berilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Kiyev xalqaro humanitar huquq me’yorlariga to‘liq amal qilganini bildirdi.

Urushda har ikki tomon ham tinch aholini qasddan nishonga olishini rad etadi. Ukraina 2022 yilda Moskva bir tomonlama tartibda o‘ziniki deb e’lon qilgan Luhanskni qaytarib olishni istaydi.

Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida ushbu hodisani muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazishini ma’lum qildi.

SpaceX sinovlari

22 may kuni SpaceX kompaniyasi o‘zining «Starship» kosmik kemasining eng so‘nggi modelini uchirdi. Bu voqea Ilon Maskning raketa kompaniyasi rekord darajadagi birjaga chiqish — IPOʼga yaqinlashayotgan vaqtda yuz berdi

Parvoz davomida bir nechta kichik muammolar kuzatildi, biroq SpaceX xodimlari jonli efir paytida quvonchdan hayqirib yubordi.