O‘zbekiston | 17:36
523
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi MDH PA sessiyasida qator tashabbuslarni ilgari surdi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo Assambleyasining bahorgi sessiyasida ishtirok etdi.

Sessiya doirasida xavfsizlik, yoshlar siyosati, sun’iy intellekt, sog‘liqni saqlash va parlamentlararo hamkorlikka oid qator tadbirlar tashkil qilindi.

Tadbirlarning asosiy mavzularidan biri terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalari bo‘ldi. Davra suhbatlari va konferensiyalarda radikalizmning oldini olish, noqonuniy oqimlarga jalb qilingan shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirish hamda bu jarayonlarda zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, MDH Parlamentlararo Assambleyasining doimiy komissiyalari yig‘ilishlarida xavfsizlik, xalqaro hamkorlik va yangi tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilikni uyg‘unlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yoshlar parlamentlararo assambleyasi yig‘ilishida esa sun’iy intellektning yoshlar hayotiga ta’siri hamda “shaxmat diplomatiyasi” mavzusida fikr almashildi.

Sessiya doirasida MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining majlisi ham bo‘lib o‘tdi. Unda MDH davlatlari parlamentlari rahbarlari qatnashib, parlament diplomatiyasi va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Yalpi majlisning asosiy mavzularidan biri 2026 yilni MDH hududida “Sog‘liqni saqlash yili” sifatida o‘tkazish doirasidagi vazifalar bo‘ldi.

O‘zbekiston delegatsiyasi sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kuchaytirish, farmatsevtika tizimida yagona yondashuvlarni ishlab chiqish, tibbiyot kadrlarini tayyorlash va tajriba almashuvini kengaytirishga oid qator takliflarni ilgari surdi.

Sessiyada gumanitar hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ilm-fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi xizmatlar uchun yangi faxriy nishonlarni ta’sis etish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Tadbir yakunida MDH Parlamentlararo Assambleyasining kuzgi sessiyasini Ashxobod shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid