Texnologiya | 08:55
1544
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng yirik raketa yana fazoga parvoz qildi

Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasi o‘zining eng yirik Starship V3 raketa tizimini navbatdagi sinov parvoziga muvaffaqiyatli yubordi. Raketa bir soatga yaqin fazoda bo‘lib, shundan so‘ng Hind okeaniga boshqarilgan tarzda qo‘ndi.

Foto: AP

Sinov parvozi 23 mayga o‘tar kechasi Texas shtatidagi kosmodromdan amalga oshirildi. Jarayon SpaceX va X ijtimoiy tarmog‘i orqali jonli efirda namoyish qilindi.

Ma’lum qilinishicha, raketa fazoda harakatlanayotganda olti dvigateldan biri ishdan chiqqan bo‘lsa-da, tizim vertikal holatni saqlab qolishga va muvaffaqiyatli qo‘nishga erishgan. Starship kosmosga chiqqanidan keyin Super Heavy tezlatkichidan ajralgan holda inersiya orqali harakatlangan.

Bu Starship dasturining 2025 yil oktyabridan buyon amalga oshirilgan ilk sinov parvozi bo‘ldi. Ilk Starship prototipi 2023 yil aprel oyida sinovdan o‘tkazilganida, uchishdan bir necha daqiqa o‘tib portlab ketgan edi. Keyingi V2 prototiplari bilan ham bir qator muammolar kuzatilgan.

SpaceX 22 may kuni V3 versiyasini uchirishga birinchi bor uringan, ammo texnik nosozlik sabab startga soniyalar qolganda parvoz bekor qilingandi.

Starship tizimi ikki qismdan iborat: uzunligi taxminan 70 metr bo‘lgan Super Heavy tezlatgichi va 50 metrlik yuqori bosqich — Starship kemasi. Har ikki qism ham qayta foydalanish uchun mo‘ljallangan.

NASA ushbu raketa yordamida 2028 yilga borib astronavtlarni Oyga yuborishni rejalashtirmoqda. SpaceX esa kelajakda insonlarni Marsga yetkazish va u yerda koloniya tashkil etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid