Jahon | 08:48
681
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Meksikaga 5 mlrd yevro investitsiya kiritadi

Yevropa Ittifoqi va Meksika o‘n yil davom etgan muzokaralardan so‘ng yangilangan savdo va hamkorlik bitimini imzoladi. Yangi kelishuv doirasida Meksika Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan tovarlarga qo‘yilgan deyarli barcha bojlarni bekor qiladi.

Foto: picture alliance

Mexikoda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen hamda Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ishtirok etdi. Antoniu Koshta hozirgi geosiyosiy vaziyatda ikki tomonlama hamkorlik har qachongidan ham muhim ekanini ta’kidladi.

Kelishuvga muvofiq, nafaqat bojlar bekor qilinadi, balki savdodagi byurokratik to‘siqlar ham qisqartiriladi. Shuningdek, Yevropa kompaniyalari uchun Meksikadagi davlat buyurtmalariga kirish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Ursula fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqi Meksikadagi infratuzilma loyihalari uchun 5 milliard yevro investitsiya ajratishini ma’lum qildi.

Meksika iqtisodiyot vazirligi bahosiga ko‘ra, yangi bitim mamlakatning Yevropa Ittifoqiga eksportini 2030 yilga borib qariyb 1,5 barobarga oshirib, yiliga 31 milliard yevroga yetkazishi mumkin.

Hozirda Yevropa Ittifoqi Meksikaga har yili taxminan 56 milliard yevroga teng tovar eksport qiladi. So‘nggi o‘n yil ichida ikki tomon o‘rtasidagi savdo hajmi 75 foizga o‘sgan.

Yangi kelishuv deyarli barcha tovarlar uchun bojsiz rejimni nazarda tutadi. Jumladan, Meksikaning tovuq go‘shti va sparja mahsulotlari, Yevropaning quruq sut, pishloq mahsulotlari erkin savdo imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ayrim tovarlar uchun kvotalar saqlanib qoladi.

Bitim iqlim o‘zgarishi, inson huquqlari va xalqaro hamkorlik kabi masalalarni ham qamrab olgan.

Tomonlar AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining savdo siyosati va boshqa global chaqiriqlar fonida iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish hamda hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini qayd etdi.

Meksika, shuningdek, ayrim Yevropa mahsulotlarining geografik kelib chiqish nomlarini ham himoya qiladi. Yevropa Ittifoqi esa ushbu kelishuv orqali Meksikaning muhim xomashyo resurslariga kengroq kirish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Kelishuv Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan ratifikatsiya qilingach, Bryussel va Mexiko o‘rtasida yakuniy global bitim sifatida kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid