Qurbon hayiti munosabati bilan Toshkentdan hududlarga qo‘shimcha mahalliy aviaqatnovlar qo‘yiladi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 25–31 may kunlari Uzbekistan Airways, Silk Avia va Centrum Air aviakompaniyalari tomonidan Toshkentdan Buxoro, Termiz, Urganch va Nukusga borish-qaytish yo‘nalishida jami 28 ta qo‘shimcha aviareys amalga oshiriladi.
Vazirlikka ko‘ra, qo‘shimcha qatnovlar orqali 8988 nafar yo‘lovchini o‘z manziliga yetkazish rejalashtirilgan.
Hozirda amaldagi jadval asosida Toshkent-Buxoro yo‘nalishida haftasiga 23 ta, Toshkent-Termiz yo‘nalishida 23 ta, Toshkent-Urganch yo‘nalishida 35 ta hamda Toshkent-Nukus yo‘nalishida 16 ta reys bajarilmoqda. Umumiy qatnovlar soni haftasiga 97 tani tashkil etadi.
Shuningdek, YHXX axborot xizmatiga ko‘ra, Toshkentdan Sirdaryo orqali voha viloyatlariga qatnovchi avtobus yo‘nalishlariga qo‘shimcha yana 55 ta reys yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Qurbon hayiti 27 may kuni nishonlanadi.








