O‘zbekiston | 22:00 / 26.05.2026
1068
5 daqiqa o‘qiladi

Kitobxon yoshlar uchun 50 ming dollar va me’yordan issiq iyun - mahalliy dayjest

Maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi milliy kitobxonlik harakati tanlovida 50 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan pul mukofotlari joriy etildi. Iyunda harorat me’yordan biroz yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanish choralari belgilandi. Toshkentda soliq xodimlari pora bilan qo‘lga tushdi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Kitobxon yoshlar uchun 50 ming dollarlik mukofot joriy etildi

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida milliy kitobxonlik harakati yo‘lga qo‘yilib, g‘oliblar uchun 50 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan pul mukofotlari joriy etildi. Bu prezidentning «Yoshlar orasida kitobxonlik dasturini keng joriy etish va ularning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoyishida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026 yildan boshlab har yili umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida milliy kitobxonlik harakati o‘tkaziladi.

Dastur uch bosqichda tashkil etiladi — birinchi bosqich kitobxonlikharakati.uz elektron platformasi orqali onlayn tarzda, ikkinchi va uchinchi bosqichlar viloyat hamda respublika darajasida oflayn formatda. Birinchi o‘rin sohiblari 50 ming AQSh dollari, ikkinchi o‘rin sohiblari 30 ming dollar, uchinchi o‘rin sohiblari esa 15 ming dollar miqdorida mukofot oladi.

Iyunda harorat me’yordan biroz yuqori bo‘lishi kutilmoqda

2026 yilgi iyun oyi beqaror va o‘rtacha iliq ob-havo bilan boshlanadi, deb xabar berdi O‘zgidromet.

1–3 iyun kunlari respublikaning ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, shamol tezligi 15–20 metr/soniyagacha kuchayadi. Harorat asosan kechalari +15…+20 daraja, kunduz kunlari +30…+35 daraja bo‘ladi.

Keyinchalik oy oxirigacha harorat asosan kechalari +18…+23 daraja, kunduz kunlari +29…+34 darajadan +34…+39 darajagacha o‘zgarib turadi, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ayrim kunlarda +40…+42 darajagacha bo‘ladi. Oyning birinchi yarmida ayrim kunlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Bu yil yozning o‘rtacha harorati me’yordan biroz yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Yoz o‘rtalarida eng issiq kunlarda havo harorati +42…+44 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +45…+47 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanish choralari belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda sel-toshqin suvlaridan foydalanish masalasi ko‘rib chiqildi. Mamlakatda sel xavfi mavjud 60 ta yirik soy orqali yiliga 690 million kub metr suv samarasiz oqib ketmoqda. Undan samarali foydalanish orqali 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, suv ta’minotini yaxshilash va baliqchilikni rivojlantirish imkoniyati borligi ta’kidlandi.

Shu bois sel suvlarini boshqarishda faqat to‘g‘on qurish bilan cheklanmasdan, integral yondashuvni ham joriy etish zarurligi qayd etildi. Bunda sel xavfini kamaytirish, suvni to‘plash, qishloq xo‘jaligi, energetika, baliqchilik, turizm va xizmatlar sohasi bilan bog‘liq loyihalarni birgalikda amalga oshirish nazarda tutiladi.

Davlat rahbari tomonidan mutasaddilarga suv infratuzilmasini iqtisodiy faollik manbaiga aylantirish, sel-toshqin xavflarini kamaytirish, suv zaxiralaridan samarali foydalanish va mazkur yo‘nalishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish yuzasidan qator topshiriqlar berildi.

Toshkentda soliq xodimlari pora bilan qo‘lga tushdi

Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurash doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliq inspeksiyasi xodimlarining pora olish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlari fosh etildi.

Tezkor tadbirda Bektemir tumani soliq inspeksiyasining shu’ba boshlig‘i qo‘lga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, u mahalliy tadbirkorga tegishli do‘konda xaridorga savdo cheki berilmagani haqida kelib tushgan murojaat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik va ishni sudga oshirmaslik evaziga 4 million so‘m pora talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida mazkur pul mablag‘i soliq inspeksiyasi inspektori orqali olingan vaqtda ushlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid