Ukraina dronlarining Moskva va Rossiyaning boshqa yirik shaharlariga yopirilma hujumlari yangiliklar lentasida frontdagi voqealarni bir chetga surib qo‘ydi. Frontdagi vaziyat esa Rossiya qurolli kuchlari uchun yaxshi holatda emas. May oxirlayotganiga qaramay Rossiya qo‘shinining Kramatorsk yo‘nalishida yorib o‘tishi ro‘y bermadi. Aynan Kramatorsk-Slovyansk aglomeratsiyasini egallash – RF qurolli kuchlari uchun asosiy harbiy-siyosiy maqsad bo‘lib qolmoqda, chunki bu amalda Donbass to‘liq ishg‘ol etilishini anglatadi. Aglomeratsiya atrofida hosil bo‘lgan «yoy»dagi to‘rtta yo‘nalishning ikkitasida Rossiya armiyasi may oyi davomida qiyinchilik bilan atigi bir necha kilometrga ilgariladi. Yana bittasida – Severskiy Donets ortida, Slovyansk ro‘parasida – Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumga o‘tdi. Qishda bosib olingan Pokrovsk shimolidagi to‘rtinchi (asosiy) uchastkada ham Rossiya armiyasi son jihatdan ustunlikka egaligiga qaramay, oldinga yura olmayapti. Boshqa yo‘nalishlarda ham jiddiy natijalar yo‘q – u yerlarda yoki RF qurolli kuchlari «lokal miqyosdagi yutuqlar» bilan cheklangan yoki Ukraina qurolli kuchlari samarali qarshi hujumlar uyushtirmoqda.

So‘nggi yillarda may oyi Rossiya qo‘shini jiddiy hujumlarni amalga oshiradigan va yil oxirigacha olib boriladigan katta amaliyotlarga poydevor qo‘yiladigan davr bo‘lib kelayotgandi.

  • 2022 yil may oyida Mariupol mudofaachilari taslim bo‘lgan va bu Rossiyaning katta g‘alabasi sifatida qayd etilgan.
  • 2023 yil mayida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi Ukraina qurolli kuchlari uzoq vaqt davomida qattiq qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, og‘ir yo‘qotishlar evaziga bo‘lsa-da, Baxmutni egallash jarayonini yakunlagan.
  • 2024 yil mayida RF qurolli kuchlari Avdiyivkadan g‘arbdagi Ochertino atrofida front chizig‘ini yorib o‘tgan, bu esa yil oxirigacha janubiy Donbass to‘liq egallab olinishini boshlab bergandi.
  • 2025 yil mayida Rossiya qo‘shini ko‘p oy davom etgan og‘ir janglardan keyin Pokrovsk–Konstantinovka yo‘li bo‘ylab o‘tgan front chizig‘ini kesib o‘tgan, bu esa Pokrovsk aglomeratsiyasini o‘rab olish va yakunda to‘liq ishg‘ol etishga olib kelgandi.
  • 2026 yil mayida esa hech qanday yorib o‘tishdan darak yo‘q. Va Rossiya armiyasining muammolari tasodifiy emas: dronlarning frontda va front ortidagi imkoniyatlari ortib borishi quruqlik orqali hujumlarni urush olib borishning tobora qimmatroq uslubiga aylantirmoqda. Raqib mudofaasini yengib o‘tish uchun avvaliga dushmanning dronlar operatorlarini zararsizlantirish talab etilmoqda, shu sababli hal qiluvchi hujumga tayyorgarlik ko‘rishning o‘zi haftalab va oylab davom etishi mumkin. Va bunday hujumlarda ham muvaffaqiyatga erishilgan taqdirda raqib mudofaasi ichkarisiga kirib borish masofasi 10 kilometrdan oshmaydi.