
«Men hech kimga hech nimani o‘rgatolmayman, balki kishilarni fikrlashga yo‘naltirib yuborishim mumkin» Suqrot
AQShdagi Harvard universiteti bir necha o‘n yillikdan buyon jahon ta'lim tizimida o‘zining muqim o‘rniga ega, obro‘li ilm maskanlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 23 yoshli Nilufar Ko‘chimova 2017 yilda Harvard talabasi sifatida oliygohga grant asosida o‘qishga qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga amaliy tashrif bilan borganida Amerikadagi vatandoshlar bilan suhbatlashgandi. Ular qatorida Nilufar ham bor. Universitetining magistratura bosqichida tahsil olayotgan Nilufar oliygohda bir semestr davomida to‘plagan tajribasidan so‘ng, bir necha mulohazalarini Kun.uz muxbiri bilan o‘rtoqlashdi.
«Harvardning kuchli hayratga solgan ilk jihati, shak-shubhasiz, undagi o‘qitish uslubidir. AQShning nufuzli universitetlari qatorida yetakchi o‘rinni saqlab turgan Harvard va uning izdoshlarida «Suqrotning o‘qitish uslubi» deb nomlangan tizim joriy qilingan», deb so‘z boshlaydi Nilufar.
Uning qayd etishicha, o‘zining muvaffaqiyatli o‘qitish tizimi va yuksak natijalari bilan boshqa oliygohlardan ajralib turuvchi Ivi ligasi universitetlari aynan mana shu uslubiyat orqali shonli zafarlarga erishmoqda. «Suqrotning o‘qitish uslubi» faylasuf tomonidan shogirdlariga bilim berishda qo‘llanilgan o‘zgarmas oddiy qoidalarga bo‘ysunadi: manfaatli suhbat asnosida masalani muhokama etish, savol-javob shaklida tanqidiy fikrlashni rivojlantirish hamda ilk farazlarni natijadan ajratib olishdan iborat. Bu shunday dialektik uslubki, uning ishtirokchisi o‘z fikrini himoya qilishi, boshqasi asoslantirilgan dalillar bilan qarama-qarshi «hujumga» o‘tishi mumkin.
«Harvardda aynan shunday o‘qitish uslubi orqali talabalarga bilim berilishini eshitgandim, ammo men uchun universitetning bunday siyosati doimo mavhumligicha qolavergan, uni hech qachon his etmagandim. O‘qituvchining ma'ruzasi va kitobdagi jumlalarni tinimsiz qoraga ko‘chirib borayotgan talabani ko‘z oldingizga keltiring! Bundan tashqari, konspektini yod olib, seminar darslarida so‘zma-so‘z qaytargan talaba... Shu sharoitda huquqshunoslikni o‘rgangan qiz uchun Harvardning notanish tizimi vahimali tuyila boshlagandi. Aytish joizki, menda qo‘rquv ham paydo bo‘ldi», deydi u.
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti bitiruvchisi Nilufar Ko‘chimova suhbat davomida ilk paydo bo‘lgan qo‘rquvga o‘qituvchilar sababchi bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi.















