O‘zbekiston | 16:45 / 07.12.2016
219394
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil nomini e'lon qildi

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 7 dekabr, chorshanba kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda davlat va jamoat arboblari, fan, madaniyat va san'at namoyandalari, poytaxt jamoatchiligi, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlarning elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekistonning yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev tantanali yig‘ilishda ma'ruza qildi. Prezident kirib kelayotgan yangi — 2017 yilni O‘zbekistonda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e'lon qilishni taklif etdi.

O‘zbekiston Prezidentining bu taklifi yig‘ilganlar tomonidan gulduros qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 1997 yildan boshlab har bir yilga shu davr ichida taraqqiyotning muhim yo‘nalishlarini ifoda etadigan nom berish an'anaga aylangan. 1997—2016 yillar oralig‘ida yillarga quyidagicha nom berilgan:

2016 yil — Sog‘lom ona va bola yili
2015 yil — Keksalarni e'zozlash yili
2014 yil — Sog‘lom bola yili
2013 yil — Obod turmush yili
2012 yil — Mustahkam oila yili
2011 yil — Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili
2010 yil — Barkamol avlod yili
2009 yil — Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili
2008 yil — Yoshlar yili
2007 yil — Ijtimoiy himoya yili
2006 yil — Homiylar va shifokorlar yili
2005 yil — Sihat-salomatlik yili
2004 yil — Mehr va muruvvat yili
2003 yil — Obod mahalla yili
2002 yil — Qariyalarni qadrlash yili
2001 yil — Onalar va bolalar yili
2000 yil — Sog‘lom avlod yili
1999 yil — Ayollar yili
1998 yil — Oila yili
1997 yil — Inson manfaatlari yili

Mavzuga oid