15:50 / 04.12.2017
24806

Toshkentda Vebster universiteti filiali qachon ish boshlashi ma'lum

Foto: blogs.webster.edu

Bugun, 4 dekabr kuni Vebster universitetining vitse-prezident Piter Maxer boshchiligidagi delegatsiyasi Toshkentga keldi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tashrif maqsadi – O‘zbekiston tomoni bilan Toshkent shahrida Vebster universiteti filialining ochilishiga bog‘liq bo‘lgan texnik, yuridik va moliyaviy masalalarni muhokama qilish, hamda uni yangi o‘quv yili – 2018 yilning sentabridan faoliyat ko‘rsatishni boshlashi haqida kelishuvga erishish.

Toshkentda AQSh oliy ta'lim muassasasining birinchi filialini ochish bo‘yicha O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Vebster universiteti o‘rtasidagi tegishli kelishuv O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkka sentabr oyida amalga oshirgan tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi yakunlari bo‘yicha imzolandi.

Vebster universiteti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi dasturidan Oliy va o‘rta maxsus, Maktabgacha ta'lim, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklarida qator uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda Vebster universiteti filiali faoliyatining tashkiliy-huquqiy jihatlarini muhokama qiladilar, shuningdek tashkil etilayotgan oliy ta'lim muassasasining o‘quv dasturlarini muvofiqlashtiradilar.

Rejalarga ko‘ra, Vebster universiteti filialida o‘zbekistonlik talabalar «Axborot texnologiyalari», «Axborot xavfsizligi», «OAV rivojlanishi», «Biznes», «Tabiiy fanlar» va «Pedagogika» kabi ta'lim yo‘nalishlarida bakalavr hamda magistr darajasini olishlari mumkin bo‘ladi. Darslar Amerika oliy ta'lim muassasasi professorlari va mahalliy o‘qituvchilarni jalb etgan holda ingliz tilida olib boriladi.

Vebster universiteti 1915 yilda Missuri shtatidagi Sent-Luis shahrida tashkil etilgan. U 7 ta xalqaro filialga ega - Shveytsariya, Avstriya, Gretsiya, Hollandiya, Xitoy, Tailand va Gana. 2017 yildagi Amerikaning eng yaxshi universitetlari reytingida 24-o‘rinni egalladi.

 

Mavzuga oid
Top