12:00 / 17.11.2017
64816

«Uning qilmishidan ko‘pchilikning qalbi larzaga keldi» - IIV rahbari 4 yoshli qizini urgan sobiq xodim haqida 

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

4 yoshli o‘z qizini urgan ichki ishlar idoralarining sobiq xodimi «qusurlari uchun sohadan chetlatilgan». Bu haqda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ma'lum qildi.

«Yaqinda to‘rt yoshli qizchasini ayovsiz kaltaklab, tahqirlagan odam haqida hamma eshitdi. Uning qilmishidan ko‘pchilikning qalbi larzaga keldi. Xalqimizga yot bo‘lgan bunday tubanlikni amalga oshirgan shaxs sobiq ichki ishlar xodimi bo‘lgani ham sohada insoniy qiyofasini yo‘qotgan, takabburlikka berilganlar uchrashi ehtimoldan holi emasligini ko‘rsatdi. Yaxshiyamki, u ana shunday qusurlari uchun sohadan chetlatilgan. Bo‘lmasa o‘z farzandini ayamagan qancha odamlar boshiga ne ko‘rguliklarni solardi», - deya aytib o‘tdi IIV rahbari O‘zA’ga bergan intervyusida.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda zimmasidagi vazifalarni bajarmagan, odob-axloq me'yorlariga rioya etmagan xodimlar ishdan bo‘shatilgani ham sohaning tobora tozalanib, tom ma'noda xalqchil tizimga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.  

«Xalqning tinch va xotirjam hayoti uchun mas'ul bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlaridan kasbga sadoqat, fidoyilik talab etilmoqda. Bunday yuksak insoniy fazilatlar, albatta, har jihatdan yetuk, ma'nan barkamol xodimlardagina bo‘lishi sir emas. Shu jihatdan sohada xodimlarning ma'naviyatini yuksaltirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramay ayrim ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomala qilishi, vaqtida yordamga yetib kelmasligi, tamagirligi, jinoyatlarni xaspo‘shlashi holatlari uchrab turibdi», - degan Bobojonov.

Video: Ota 4 yoshli qizchasini yolvorishlariga qaramasdan kaltakladi. Endi u jazolanadi

Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy vakili Bobir Dehqonov 16 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida 4 yoshli qizini urgan ota allaqachon o‘z qilmishi bo‘yicha sudda javob bergan va otalik huquqidan mahrum etilgani, aslida uning qizini urgani bilan bog‘liq voqea shu yilning aprel oylarida bo‘lib o‘tgani haqida ma'lum qildi. 

Top