16:46 / 01.05.2015
2320

NamDUda faxriylar sharaflandi

Namangan davlat universitetida Keksalarni e'zozlash yili hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xotira kechasi o‘tkazildi. Rahmonjon Mamadaliyevning ma'lum qilishicha, “Diydor” deb nomlangan tadbirga oliy o‘quv yurtida avval ishlagan va hozirgi paytda nafaqada bo‘lgan professor-o‘qituvchilar ham taklif etildi. Universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor Abdusalom Umarov kecha qatnashchilarini qutlab, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar birinchi navbatda xalq turmush farovonligini yuksaltirishga, jamiyatni yanada demokratlashtirishga qaratilganligini ta'kidladi. Viloyat hokimining o‘rinbosari N. Hayitaliyev, viloyat hokimining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha yordamchisi T. Dedaxonov, universitetning sobiq rektori M. Mamatov, jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishi talabasi S. Nurmatov va boshqalar so‘zga chiqib, O‘zbekistonda keksalarni e'zozlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligini qayd etdilar. Tadbir qatnashchilariga oliy o‘quv yurtining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar haqida hikoya qiluvchi slaydlar to‘plami namoyish etildi. Marhum ustozlar xotirasi yodga olindi. Faxriylarga ma'muriyat va kasaba uyushma qo‘mitasining esdalik sovg‘alari ham topshirildi. Ustozlar uchrashuvi Talabalar uyida tashkil etilgan bir piyola choy ustidagi suhbat bilan yakunlandi.
Top