10:09 / 01.05.2015
3027

Surxondaryolik “Alpomish avlodlari” O‘zbekiston yosh chegarachilari musobaqasida g‘olib chiqdi

yesh_chegarachilar_bellashuvi_30_04_2015 Chirchiqda “Yosh chegarachilar” an'anaviy harbiy-vatanpavarlik musobaqalarining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. Musobaqa O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qilish qo‘mitasi, “Kamolot” YoIH, Respublika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Madaniyat va sport ishlari, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan. Musobaqaning hududiy bosqichlarida 3 mingdan ziyod o‘quvchi ishtirok etib, ulardan 130 nafari mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Ishtirokchilar ijtimoiy-siyosiy va huquqiy tayyorgarlik, birinchi tibbiy yordam, tarix, chet tillar, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonunni bilasizmi?” va boshqa harbiy-amaliy ko‘nikmalar kabi 20ga yaqin yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilim va mahoratini namoyish etdi. Musobaqada Surxondaryo viloyatining “Alpomish avlodlari” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘ringa Andijon viloyatining “Vatanparvar” jamoasi munosib ko‘rilgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Farg‘ona viloyatining “Qalqon” jamoasiga nasib etdi. Prezidentimiz asarlari bilimdoni, ingliz tili bilimdoni, merganlik, to‘siqlardan o‘tish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham sovrindorlar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
Top