17:03 / 02.05.2015
1668

Saudiya Arabistoni mamlakatning bosh neft kompaniyasini isloh qilmoqda

Kun.uz: Saudiya Arabistoni hukumati Saudi Aramco milliy neft kompaniyasini restrukturizatsiya qilish rejasini ma'qulladi. Bunda kompaniyaning mamlakat Neft vazirligidan ajratilishi asosiy o‘zgarish bo‘ladi. Bu haqda Al Arabiya telekanali xabar bermoqda.

Mamlakatning Oliy iqtisodiy kengashi restrukturizatsiya rejasini ma'qullagan, deb qo‘shima qilmoqda telekanal.

Ma'lumot uchun, kompaniyani 10 kishidan iborat yangi oliy kengash boshqaradi. Kengashga qirollikning voris shahzodasi o‘rinbosari Muhammad ibn Salmon boshchilik qiladi. 29 aprelda Saudiya Arabistoni qiroli Salmon hukumat tarkibida ham katta o‘zgartirishlar amalga oshirdi. Xususan, qirol qirollikning neft vaziri, Saudi Aramco direktorlari kengashi raisi Ali al-Naimiyni lavozimidan ozod etib, uning o‘rniga Xolid al-Folihni tayinladi. Shu kunning o‘zida qirol taxtga vorislik qilish tizimida tub islohotlar o‘tkazdi. Qirol Salmon bu tizimni shunday o‘zgartirdiki, uning ukasi Mukrin ibn Abdulaziz o‘rniga voris shahzoda sifatida uning jiyani Muhammad ibn Nayaf, taxtga ikkinchi voris etib Salmonning o‘g‘li Muhammad ibn Salmon tayinlandi.

Aprelda Saudiya Arabistoni xorijiy neft qayta ishlovchilar tomonidan bildirilayotgan yuqori talabga javob tariqasida o‘zining neft ishlab chiqarish hajmini rekord daraja – kuniga 10,3 mln barrelgacha ko‘paytirdi.

Top