12:08 / 04.05.2015
2106

Google kompaniyasida yoshi 80dan oshgan xodim ishlamoqda

11420067-large Kun.uz: Kremniy vodiysidagi texnologik kompaniyalar faqat yosh mutaxassislarni ishga yollashni ma'qul ko‘radi, degan keng tarqalgan tushuncha mavjud. Ko‘pchilik kuzatuvchilar hattoki yosh bo‘yicha kamsitish mavjudligini ham ta'kidlashmoqda. Google’ning HR-departamenti (xodimlar bilan ishlash departamenti) rahbari bu fikrga qo‘shilmayapti. Stack Overflow sayti ma'lumotlariga ko‘ra, IT-kompaniyalardagi xodimlarning o‘rtacha yoshi 28 yoshni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkichning o‘zigina ishga olishda yosh bo‘yicha kamsitish haqidagi ayblovlarga mos keladi. Qolaversa, New Republic nashri texnologiya industriyasining yangi trendi bo‘lib botoks inʼeksiyasidan foydalanish bo‘layotganini aytmoqda, undan hattoki yoshi 30dan pastroqlar ham foydalanmoqda. Bu jarayonlardan asosiy maqsad yoshroq ko‘rinish hisoblanadi. Google kompaniyasining HR-direktori Lazlo Bok esa bunday ayblovlarni inkor etmoqda. Reddit saytida savol-javob tarzida o‘tgan sessiyada Bok ishga olishda yagona mezon bu avval erishilgan natijalar hisoblanishini aytdi. Bok yosh bo‘yicha kamsitishning mavjud emasligiga misol tariqasida Google’dagi eng keksa xodimning yoshini keltirib o‘tdi. “Google istalgan yoshdagi odamlarni ishga oladi. Bizning eng keksa yoshdagi xodimimizning yoshi saksondan oshib ketgan! Ishga olishda asosiy mezon sizning avvalgi ish tajribangiz hisoblanadi”, deb aytdi Bok. Kompaniyaning eng keksa xodimining ismi aytilmadi. Bu bayonot floridalik Robert Xit ismli 64 yoshli dasturchi Google’ga qarshi bergan sud da'vosiga javoban aytilgan. Xit kompaniyani yosh belgisi bo‘yicha kamsitishda ayblab chiqqandi. xab-4
Top