15:25 / 06.05.2015
2508

BAA rasmiylari 600 nafardan ortiq afg‘onistonlik tadbirkorning vizasini bekor qildi

Birlashgan Arab Amirliklari hududida faoliyat yuritib kelgan 600 nafardan ortiq afg‘onistonlik tadbirkorning vizasi bekor qilindi. Bu haqda 6 may kuni Hama Press agentligi xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, Afg‘oniston fuqarolari zudlik bilan o‘z korxonalarini yopib, mamlakat hududini tark etish bo‘yicha ko‘rsatma olishgan. BAA migratsiya xizmati bu talabining sabablarini izohlamagan.

O‘z navbatida Afg‘oniston TIV bu ma'lumotni tasdiqlagan.
"Biz vaziyatni kuzatib turibmiz. Ayni vaqtda vakillarimiz bu masalani hal qilishga harakat qilishmoqda", deb bayonot beradi Afg‘oniston TIV vakili Ahmad Shakib Mustag‘niy.

U shuningdek, Afg‘oniston hukumati shu masala yuzasidan Abu-Dabiga maxsus delegatsiya yuborishi mumkinligini qayd etgan.

Ma'lumot uchun, BAA hududida ayni vaqtda 170 ming nafardan ortiq afg‘onistonlik yashaydi. Shundan 90 ming nafardan ortig‘i Dubayda faoliyat ko‘rsatadi. Ikki tomon qo‘shma korxonalarning yillik savdo aylanmasi 8 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Top