08:37 / 06.05.2015
2048

Messi “Barselona” muxlislari Gvardiolani chin yurakdan olqishlashlariga ishonishini aytdi

“Barselona” hujumchisi Lionel Messi Chempionlar Ligasining birinchi yarimfinalida “Bavariya”ga qarshi uchrashuv oldidan Kataloniya va Myunxen klublarining bosh murabbiylari – Luis Enrike va Xosep Gvardiola haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Men bu o‘yinda futboldagi birinchi kunlarimdan boshlab o‘rgangan barcha bilimlarimni ishga solaman. Men Gvardiola qo‘li ostida ko‘p muvaffaqiyatlarga erishdim, futbolchi sifatida ulg‘aydim va ko‘p narsani o‘rgandim. Gvardiola bizni a'lo darajada biladi, biz u bilan ko‘p yutuqlarga sazovor bo‘lish baxtiga erishgandik.

U barcha detallarni sinchkovlik bilan tahlil qiladi, shuning uchun u hamma narsani, shu jumladan u bizga murabbiylik qilgan kezlarda jamoamizda bo‘lmagan o‘yinchilar haqidagi narsalarni ham biladi. Biz shuningdek, u o‘z jamoasi va qo‘l ostidagilardan nimani talab qilishini ham yaxshi bilamiz.

O‘ylaymanki, “Barselona” muxlislari Pepni chin yurakdan olqishlaydilar, chunki u “Barsa” bilan barcha imkoni bor yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Biroq, o‘yin boshlanishi bilanoq muxlislarimiz har doimgidek faqatgina bizni qo‘llab-quvvatlashadi.

Men murabbiylarni solishtirishni yoqtirmayman. Bir-birini aynan takrorlaydigan murabbiylar bo‘lmaydi. Biz doimo o‘zgarishlarni kutamiz, bir murabbiy ketib, uning o‘rniga boshqasi keladi. Biroq Enrike va Pep o‘yinchilar bilan yaqin aloqalarda bo‘lishga, mustahkam jamoa yaratishga harakat qilishadi”, deb aytdi argentinalik yulduz.

“Barselona”-“Bavariya” uchrashuvi “Barsa”ning uy maydoni “Kamp Nou”da 6 mayda Toshkent vaqti bilan soat 23:45 da boshlanadi.

Top