09:49 / 06.05.2015
18676

O‘zbek xalqining kelib chiqishi tarixiga bag‘ishlangan kitob nashrdan chiqdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi Ahmadali Asqarovning “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida 670 bet hajmda nashr etilgan “O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi” deb nomlangan kitobi bilan boyitildi. Bu haqda kutubxona matbuot xizmati xabar bermoqda.

Kitob akademik A.P.Qayumov, tarix fanlari doktori, professor B.A.Abduhalimov, tarix fanlari doktori, professor M.M.Isxakov, tarix fanlari doktori, professor A.X.Xo‘jayev, tarix fanlari doktori, professor A.A.Ashirov, tarix fanlari doktori, professor A.A.Mavrulov va tarix fanlari nomzodi Sh.R.Pidayevlar tomonidan tahrir qilingan.

Kitobda o‘zbek xalqining kelib chiqishi, etnogenez tarixi, uning urug‘-qabila holatidan elat-xalq bo‘lib shakllanib borish jarayoni va shakllangan xalq sifatida millat darajasiga etish bosqichlari boy moddiy madaniyat va yozma manbalarning ilmiy tahlili asosida bayon etilgan.

Monografiyada o‘zbek xalqi hozirda yashab kelayotgan hudud bilan qadim zamonlardan bevosita bog‘liq tub yerlik xalq ekanligi, uning etnik tarkibini asosan yerli sug‘diy, xorazmiy, bohtariy, sak, prototurk va turkiy ajdodlarimiz tashkil etganini va uzoq asrlar davomida ularning bir-birlari bilan aralashib yashashi natijasida yangi millat – o‘zbeklarning paydo bo‘lishini ilmiy xolislik va obektiv tarixiy tizimlilik asosida batafsil ma'lumot berilgan.

Monografiya avvalida muallif ishining mohiyatini, maqsad va vazifalarini ilmiy asoslab beradi. Shuningdek, A.Asqarov bu yerda mazkur ishning dolzarbligini isbotlaydi va o‘zbek xalqining paydo bo‘lishi to‘g‘risida hikoya qiluvchi ilmiy adabiyotlarni tahlil qiladi.

Kitobning alohida boblari bronza va temir davrida qoyatoshlar bitiklarida O‘rta Osiyo aholisi, shu yerda yashagan xalqlariga tegishli osori atiqalari, madaniy topilmalar, chorvador qabilalari madaniyati yodgorliklari, ijtimoiy-iqtisodiy va etnomadaniy rivojlanish, etnosiyosiy rivojlanish, Temuriylar davrida etnik jarayonlar va o‘zbek tilining shakllanishi taqdiqotiga bag‘ishlangan.

Muallif “o‘zbek milliy mentaliteti” tushunchasini ta'riflaydi va uning o‘ziga xosliklarini tadqiq etadi.

Kitobda qisqartmalar, atamalar va toponimlarning ilmiy isbotlangan izohlari bilan, boblarga ajratilgan holda berilishi alohida e'tiborga loyiq.

Mazkur kitob ilmiy tadqiqot institutlari ilmiy xodimlari, etnografiya, tilshunoslik, O‘zbekiston tarixini o‘rganayotgan talabalar va professor-o‘qituvchilar, shuningdek, O‘zbekiston etnosi tarixiga qiziquvchilar uchun mo‘ljallangan.

Top