Filippinlik bokschi Menni Pakyao AQShlik bokschi Floyd Meyvezer bilan jang oldidan o‘zining jarohati haqida xabar bermagani uchun 4 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin, deb xabar bermoqda Daily Mail.
Pakyao 2 mayda bo‘lib o‘tgan jangda hakamlarning bir ovozlik qarori bilan Meyvezerga mag‘lub bo‘ldi.
Jangdan keyin Pakyaoga tayyorgarlik jarayonida olgan jarohati xalaqit bergani va u operatsiya qilinishi kerakligi ma'lum bo‘ldi.
Pakyao jang oldidan so‘rovnoma to‘ldirayotgan paytida jarohatlari bor-yo‘qligi haqidagi savolga “yo‘q” deb javob bergan.
Jang o‘tgan Nevada shtati qonunlariga ko‘ra, qasddan yolg‘on ma'lumot berganlik uchun jazo ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu jinoyat uchun 4 yilgacha ozodlikdan mahrum bo‘lish va 5 ming dollar jarima to‘lash kerak bo‘ladi.
Nevada Atletika komissiyasi ham Pakyaoni bokschilik faoliyatidan chetlatishi yoki jarimaga tortishi mumkin.